Havo kemasi yoki uning ichidagi odamlar uchun bevosita xatar tugʻilsa yoxud kema bilan radioaloqa uzilib, uning qayerdaligi nomaʼlum boʻlsa, bunday havo kemasi halokatga uchrayotgan hisoblanadi.
Uchish, qoʻnish yoki qulash natijasida jiddiy zarar koʻrgan yoxud butunlay vayron boʻlgan, shuningdek aerodromdan tashqariga majburan qoʻngan havo kemasi halokatga uchragan hisoblanadi.
Halokatga uchrayotgan havo kemasining ekipaji Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida aviatsiya parvozining asosiy qoidalarida belgilangan tartibda falokat signalini berishi, havo transporti qatnovini taʼminlovchi organga halokat xususiyati haqida maʼlumot berishi va kema ichidagi odamlarning hayotini, sogʻligʻi va mol-mulkni, shuningdek havo kemasining oʻzini saqlab qolish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart.
Halokatga uchragan havo kemasining ekipaji oʻz vakolatini tegishli organlarga topshirgunga qadar, havo kemasi ichidagi odamlarni, mol-mulkni hamda havo kemasini qutqarish va xavfsizligini taʼminlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart. Ushbu havo kemasi ekipajining barcha aʼzolari va imkon qadar, yoʻlovchilari odamlarni, mol-mulkni hamda havo kemasini qutqarishda ishtirok etishlari shart.
Halokatga uchrayotgan yoki halokatga uchragan havo kemasining komandiri oʻz vakolatini tegishli organlarga topshirguniga qadar, mazkur kemadagi yoki kemaning ichida boʻlgan odamlarning xatti-harakatlariga boshchilik qiladi.