Isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:
tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot olish;
tovarni (ishni, xizmatni) erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli boʻlishini talab qilish;
tovarning (ishning, xizmatning) xavfsiz boʻlishini talab qilish;
hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni boʻlgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) gʻayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, maʼnaviy zararning oʻrni toʻliq hajmda qoplanishini talab qilish;
buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini soʻrab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish;
isteʼmolchilarning jamoat birlashmalarini tuzish.
Isteʼmolchilarning ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan ayrim guruhlari uchun qonunchilik bilan savdo, maishiy xizmat va xizmat koʻrsatishning boshqa turlari boʻyicha imtiyozlar va afzalliklar belgilanishi mumkin.