Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizaga ushbu Kodeks 151-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
1) faoliyatni tugatish, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi arizaga — taʼsis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari; yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni tugatish, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish uchun asos boʻladigan dalillar;
2) faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash toʻgʻrisidagi arizaga — taʼsis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari; yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash uchun asos boʻladigan dalillar;
3) banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi arizaga — soliq tekshiruvini oʻtkazishga soliq toʻlovchi tomonidan toʻsqinlik qilinganligini yoki soliq toʻlovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obyektini saqlash bilan bogʻliq hududlarni, binolarni, shu jumladan joylarni koʻzdan kechirish uchun davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini kiritish rad etilganligini tasdiqlovchi dalil;
4) moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi arizaga — tekshirish oʻtkazilishiga asos boʻlgan hujjatlar (nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning qarori, bundan shunday qarorni olish qonunchilikda nazarda tutilmagan hollar mustasno; agar tekshirish jinoyat ishi doirasida oʻtkazilsa, tergov organining (surishtiruv organining) qarori; tekshirish oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq; tekshirish oʻtkazish rejasi va hokazo); tekshirish natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnoma yoki boshqa hujjat va unga ilova qilinadigan hujjatlar; tekshirish materiallarini koʻrib chiqish bayonnomasi va qaror, agar ularni tuzish yoki qabul qilish qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlsa; qarorning koʻchirma nusxasi javobgarga topshirilganligi yoki yuborilganligi dalili;
5) tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini oʻn kundan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish yoki xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni (harakatni) tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish toʻgʻrisidagi arizaga — litsenziyaning (ruxsatnomaning) tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari; normativ-huquqiy hujjatlar talablari va litsenziyaning (ruxsatnomaning) amal qilishini toʻxtatib turish, xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni (harakatni) tugatish va (yoki) litsenziyani (ruxsatnomani) bekor qilish uchun asos boʻladigan tarzda yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan buzilganligini tasdiqlovchi dalil.