IPK · 232-3-modda

232-3-modda. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar

Ushbu Kodeksning 232-1-moddasida koʻrsatilgan arizalarga quyidagilar ilova qilinadi:

1) arbitraj bitimining asl nusxasi yoki uning tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi;

2) pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar;

3) arizaning koʻchirma nusxasi arbitraj muhokamasining boshqa tarafiga topshirilganligi haqidagi xabarnoma yoki xabarnoma yuborilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjat.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

1) arbitrni tayinlash toʻgʻrisidagi arizaga — arbitraj sudiga daʼvo taqdim etilganligining dalillari; arizachi (arbitraj muhokamasi taraflari) tomonidan arbitr tayinlanganligi yoxud arbitrni tayinlash tartib-taomiliga rioya etilmaganligi dalillari;

2) arbitrni rad etishni qanoatlantirish haqidagi arizaga — arbitraj sudiga daʼvo taqdim etilganligining dalillari; arbitrni rad etish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha arbitraj sudi ajrimining tasdiqlangan koʻchirma nusxasi. Doimiy arbitraj muassasasi ajrimining koʻchirma nusxasi ushbu arbitraj muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlanadi, muayyan nizoni hal qilish uchun tashkil etilgan arbitraj sudi ajrimining koʻchirma nusxasidagi arbitr imzosi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak;

3) arbitr vakolatlarining amal qilishini tugatish xususida qaror qabul qilish toʻgʻrisidagi arizaga — arbitraj sudiga daʼvo taqdim etilganligining dalillari; arbitr oʻz vazifalarini bajarishi mumkin emasligini tasdiqlovchi dalil yoki arbitrning oʻz vazifalarini amalga oshirishga asossiz ravishda kechikishsiz kirishmaganligini tasdiqlovchi dalil;

4) arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish haqidagi arizaga — arbitraj sudining oʻz yurisdiksiyasi haqidagi ajrimining tasdiqlangan koʻchirma nusxasi. Doimiy arbitraj muassasasi ajrimining koʻchirma nusxasi ushbu arbitraj muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlanadi, muayyan nizoni hal qilish uchun tashkil etilgan arbitraj sudi ajrimining koʻchirma nusxasidagi arbitr imzosi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak;

5) taʼminlash choralarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizaga — arbitraj sudining taʼminlash choralari koʻrilganligi haqidagi ajrimining tasdiqlangan koʻchirma nusxasi. Doimiy arbitraj muassasasi ajrimining koʻchirma nusxasi ushbu arbitraj muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlanadi, muayyan nizoni hal qilish uchun tashkil etilgan arbitraj sudi ajrimining koʻchirma nusxasidagi arbitr imzosi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak;

6) taʼminlash choralarini koʻrish haqidagi arizaga — arbitraj sudiga daʼvo taqdim etilganligining dalillari;

7) dalillarni olishga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi arizaga — arbitraj sudining ish yurituvida nizo mavjud boʻlib, uni hal etish uchun dalillar zarurligi va bu dalillarni olish uchun koʻmaklashish haqida ariza berilganligining dalili.

Chet tilida tuzilgan hujjatlarni iqtisodiy sudga taqdim etishda ushbu hujjatlarga ularning davlat tilidagi yoki iqtisodiy sud ishlari yuritilayotgan tildagi tegishli tarzda tasdiqlangan tarjimasi qoʻshib topshirilishi kerak.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.