Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
1) chet el arbitrajining hal qiluv qarori yoki uning chet davlat yoki Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxasi;
2) arbitraj muhokamasi toʻgʻrisidagi bitimning asli yoki uning chet davlatning yoki Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxasi;
3) hal qiluv qarori qisman ijro etilganligi toʻgʻrisidagi hujjat, agar u ilgari tegishli chet davlat hududida ijro etilgan boʻlsa;
4) oʻziga qarshi hal qiluv qarori qabul qilingan va protsessda ishtirok etmagan taraf ishni koʻrish vaqti hamda joyi toʻgʻrisida oʻz vaqtida va tegishli tartibda xabardor qilinganligini anglatuvchi hujjat;
5) vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat;
6) chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizaning koʻchirma nusxasi qarzdorga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat;
7) agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
8) agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu moddaning 1 — 5-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarning belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat tilidagi tarjimasi.