IPK · 297-modda

297-modda. Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni koʻrish tartibi

Kassatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida ushbu bobda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ishni birinchi instansiya sudida koʻrish qoidalari boʻyicha koʻradi.

Kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha birinchi sud majlisi kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak.

Kassatsiya instansiyasi sudida: ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish toʻgʻrisidagi; daʼvoning predmetini yoki asosini, daʼvo talablarining miqdorini oʻzgartirish haqidagi; qarshi daʼvo taqdim etish toʻgʻrisidagi; ishda ishtirok etishga uchinchi shaxslarni jalb qilish haqidagi qoidalar, shuningdek ushbu Kodeksda faqat birinchi instansiya sudida ishni koʻrish uchun belgilangan boshqa qoidalar qoʻllanilmaydi, bundan ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrish holati mustasno.

Kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.

Kassatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish raislik qiluvchining yoki sudyalardan birining maʼruzasi bilan boshlanadi.

Maʼruzachi ishning holatlarini, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining, apellyatsiya instansiyasi sudi qarorining mazmunini, kassatsiya shikoyati (protesti) vajlarini va unga doir kelib tushgan yozma fikrni bayon qiladi. Shundan soʻng sud sud majlisida hozir boʻlgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini eshitadi, ular kassatsiya shikoyatida (protestida) koʻrsatilmagan vajlarni keltirishga va qoʻshimcha dalillar taqdim etishga ham haqli.

Dastlab kassatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar ish protest boʻyicha koʻrilayotgan boʻlsa, prokuror soʻzga chiqadi. Hal qiluv qarori ustidan har ikkala taraf tomonidan shikoyat berilgan boʻlsa, birinchi boʻlib daʼvogar soʻzga chiqadi.

Ushbu Kodeksning 50-moddasida nazarda tutilgan tartibda ishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa shaxslar, agar ular hal qiluv qarori ustidan shikoyat bermagan boʻlsa, taraflar va uchinchi shaxslardan keyin soʻzga chiqadi.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari eshitilganidan soʻng kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun maslahatxonaga kiradi.

Sud muhokamasi tugaganidan keyin qabul qilingan qarorning xulosa qismi eʼlon qilinadi va u ishga qoʻshib qoʻyiladi.

Qaror besh kun ichida toʻliq hajmda tuziladi va imzolanadi.

Raislik qiluvchi qarorning xulosa qismi eʼlon qilinganidan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qarorning toʻliq hajmda tuzilishi va ularga yuborilishi muddatini, shuningdek qaror ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibini tushuntiradi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.