JIK · 11-modda

11-modda. Mahkumlarning shaxsiy xavfsizlik huquqi

Mahkum shaxsiy xavfsizlik huquqiga ega.

Intizomiy qismga joʻnatishga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning shaxsiy xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda, u oʻz shaxsiy xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza (xabar) bilan jazoni ijro etish muassasasining yoki organining har qanday xodimiga ogʻzaki yoki yozma ravishda murojaat qilishga haqli. Mahkumning arizasini (xabarini) qabul qilgan xodim zudlik bilan uni jazoni ijro etish muassasasining yoki organining boshligʻiga taqdim etadi.

Mahkumning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisidagi arizasi (xabari) mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisidagi arizalarini (xabarlarini) qayd etish kitobida jazoni ijro etish muassasasining yoki organining masʼul shaxsi tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi boshligʻi shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizani (xabarni) olgandan soʻng mahkumni xavfsiz joyga vaqtinchalik joylashtirishi shart.

Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi boshligʻi shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizani (xabarni) koʻrib chiqadi va mahkumga nisbatan xavfsizlik choralarini qoʻllash toʻgʻrisida yoxud ularni qoʻllashni rad etish haqida uch sutka ichida qaror qabul qiladi. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda mahkumga nisbatan xavfsizlik choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror darhol qabul qilinadi.

Mahkum qabul qilingan qaror bilan imzo qoʻydirib tanishtiriladi.

Xavfsizlik choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi yoki ularni qoʻllashni rad etish haqidagi qaror ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat berilgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida koʻrib chiqilishi lozim.

Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi boshligʻi mahkumning xavfsizligini taʼminlash maqsadida “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan xavfsizlik choralarini qoʻllaydi.

Xavfsiz joyga oʻtkazilgan mahkum jazoni bu yerga oʻtkazilguniga qadar belgilangan saqlash sharoitlarida oʻtaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.