JK · 116-modda

116-modda. Kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik

Shaxsning oʻz kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda boʻlishi tufayli kasb yuzasidan oʻz vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, —

uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Qonun yoki maxsus qoidalarga muvofiq kasalga yordam koʻrsatishi shart boʻlgan shaxsning uzrli sababsiz shunday yordam koʻrsatmaganligi badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar ehtiyotsizlik orqasida odam oʻlishiga sabab boʻlsa, —

ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar ehtiyotsizlik orqasida:

a) odamlar oʻlimiga;

b) boshqacha ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —

besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.