Odam savdosi, yaʼni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan;
v) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
g) aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram boʻlgan shaxsga nisbatan;
d) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
e) xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
j) jabrlanuvchini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib oʻtgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda;
z) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qoʻygan, yashirgan yoxud yoʻq qilib yuborgan holda;
i) inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish maqsadida;
k) fohishalik bilan shugʻullanishga jalb etish maqsadida sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) oʻgʻirlash, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qoʻllash orqali sodir etilgan boʻlsa;
b) oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa;
v) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud ushbu Kodeksning 137-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan;
g) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
d) jabrlanuvchining oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa;
e) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.