JK · 185-2-modda

185-2-modda. Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish

Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.

Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Ushbu modda umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish orqali talon-toroj qilish bilan bogʻliq harakatlar sodir etilganda qoʻllanilmaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.