JK · 212-modda

212-modda. Pora olish-berishda vositachilik qilish

Pora olish-berishda vositachilik qilish, yaʼni pora olish yoki berish xususidagi kelishuvga erishishga qaratilgan faoliyat, shuningdek manfaatdor shaxslarning topshirigʻi bilan porani bevosita berish, —

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha harakat:

a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 210 yoki 211-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;

b) koʻp miqdorda pora olish yoki berish vaqtida;

v) bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olayotganligi vositachiga ayon boʻlgan holda sodir etilgan boʻlsa, —

besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Pora olish-berishda vositachilik qilish:

a) haq evaziga;

b) juda koʻp miqdorda pora olish yoki berish vaqtida;

v) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —

oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Basharti, pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxs jinoiy harakatlarni sodir etganidan keyin bu haqda oʻttiz sutka mobaynida oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.