JK · 229-3-modda

229-3-modda. Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish

Qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanishga doir ruxsatnoma berish hamda ularni foydalanishga qabul qilish qoidalarini buzish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —

bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Obyektlarni qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasiz qurish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —

ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda oʻzgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —

uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashga taqiqlar (cheklovlar) belgilangan zonalarda ushbu ishlarni bajarish yoki aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga, ularni rejalashtirish va qurish loyihalariga zid ravishda (bosh rejalarda nazarda tutilmagan) binolar va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —

ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, shu jumladan oʻzining tarixiy-madaniy qimmatiga koʻra Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida moddiy madaniy meros obyektlari hisoblanmagan binolar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurish yoki buzish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —

ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi — beshinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlar odam oʻlishiga yoxud boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —

uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarning amalga oshirilgan oʻzgartirilishini yoki ularni rekonstruksiya qilish tufayli yoʻl qoʻyilgan buzilishlarni, shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.