JK · 277-modda

277-modda. Bezorilik

Bezorilik, yaʼni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-doʻpposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki oʻzganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bogʻliq holda sodir etilsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bezorilik:

a) badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazib:

b) bir guruh shaxslar tomonidan;

v) sovuq qurol yoki kishining sogʻligʻi uchun amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qoʻllash bilan qoʻrqitib yoxud qoʻllab;

g) oʻz mazmuniga koʻra umum eʼtirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi oʻtaketgan behayolik bilan;

d) yosh bola, qariya, nogironligi boʻlgan shaxs yoki ojiz ahvoldagi shaxslarni xoʻrlab;

e) koʻp miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib sodir etilgan boʻlsa, —

uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bezorilik:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) oʻqotar qurolni namoyish qilib, uni qoʻllash bilan qoʻrqitib yoki qoʻllab;

v) ommaviy tadbirlar oʻtkazilayotgan vaqtda;

g) jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini koʻrgan boshqa fuqarolarga qarshilik koʻrsatib sodir etilgan boʻlsa, —

uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.