JK · 73-modda

73-modda. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish

Ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga joʻnatish, xizmat boʻyicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qoʻllanilishi mumkin. Shaxs ijro etilmagan qoʻshimcha jazodan ham ozod qilinishi mumkin.

Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan jazo turlari uchun oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda boʻlgan mahkumga nisbatan qoʻllaniladi.

Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish mahkum:

a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini;

b) ogʻir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar shaxs ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan boʻlsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini;

v) oʻta ogʻir jinoyati uchun, sud tayinlagan jazo muddatining kamida toʻrtdan uch qismini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin qoʻllanilishi mumkin.

Jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish:

a) umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxsga;

b) oʻta xavfli retsidivistga;

v) uyushgan guruh yoki jinoiy uyushmaning tashkilotchi va qatnashuvchilariga;

v-1) oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilganlik, shuningdek firibgarlik uchun hukm qilingan va sodir etgan jinoyati tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplamagan shaxsga;

g) javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsni jinsiy aloqada boʻlish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik, Oʻzbekiston Respublikasiga, tinchlikka va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud juda koʻp miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik, yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa xildagi ommaviy qirgʻin qurollarini, shunday qurollarni ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkinligi ayon boʻlgan material va uskunalarni kontrabanda qilganlik, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazganlik, gʻayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etganlik, giyohvandlik vositalarining, psixotrop moddalarning yoki ularning analoglarining yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga homiylik qilganlik, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun hukm qilingan shaxslarga;

d) jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilgan va jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qoʻllanilmaydi.

Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish chogʻida sud asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, mahkumning zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklatishi mumkin:

a) ishga yoki oʻqishga joylashish;

b) muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning yashash joyi, ish yoki oʻqish joyi oʻzgarganligi haqida uning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organga xabar berish;

v) muayyan joylarga bormaslik;

g) alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalligidan davolanish kursini oʻtash;

d) Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqmaslik.

Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazoratni ichki ishlar organlari, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan harbiy xizmatchilarning xulq-atvori ustidan nazoratni esa — harbiy qismlar yoki muassasalarning qoʻmondonligi amalga oshiradi.

Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organning taqdimnomasiga binoan sud ilgari ushbu shaxsning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni toʻliq yoki qisman bekor qilishi yoxud uning zimmasiga qoʻshimcha majburiyatlar yuklatishi mumkin.

Prokurorning taqdimnomasiga yoki advokatning iltimosnomasiga binoan sud jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni toʻliq yoki qisman bekor qilishi mumkin.

Agar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxs sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni oʻtalmagan jazo muddati davomida bajarmasa, sud uning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organning taqdimnomasiga binoan uni jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni bekor qilish va oʻtalmagan jazo muddatini oʻtashi haqidagi masalani koʻrib chiqadi.

Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan sud ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.