JK · 86-modda

86-modda. Jazo tayinlash

Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda jazo tayinlashning umumiy asoslariga amal qiladi, voyaga yetmaganning rivojlanganlik darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasini, sogʻligʻini, sodir etgan jinoyatining sabablarini, katta yoshdagilarning va boshqa holatlarning uning shaxsiga taʼsirini hisobga oladi.

Oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida jazo tayinlanganda ozodlikdan mahrum qilishning eng koʻp muddati oʻn yilgacha, agar sodir etgan jinoyatlarining bittasi oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, oʻn ikki yilgacha tayinlanadi.

Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi — oʻn ikki yilgacha muddatga, agar sodir etgan jinoyatlarining bittasi oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, oʻn besh yilgacha muddatga tayinlanishi mumkin.

Jinoyat sodir etish paytida oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarga nisbatan bir necha hukm yuzasidan tayinlanadigan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddati oʻn besh yildan oshmasligi kerak.

Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanganda sud ushbu Kodeksning 72-moddasida nazarda tutilgan asos va shartlar mavjud boʻlsa, shartli jazo belgilashi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.