JPK · 169-modda

169-modda. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qoʻzgʻatish

Agar ish boʻyicha toʻplangan dalillar ish uchun ahamiyatga molik maʼlumotlar olinishi mumkinligiga yetarli darajada asos boʻla olsa, surishtiruvchi, tergovchi telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqarib, unda ushbu harakatlarni oʻtkazish asoslarini bayon etadi.

Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.

Tergovchining yoki surishtiruvchining telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.

Prokuror telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.

Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish tergovchining yoki surishtiruvchining qarori asosida sudning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin. Bunda tergovchi yoki surishtiruvchi telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisidagi qarorni sudning roziligisiz maxsus vakolatli davlat organiga yuborishga haqli boʻlib, keyinchalik sud hamda prokuror telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish amalga oshirilganligi haqida yigirma toʻrt soat ichida xabardor qilinadi. Xabarnomada kechiktirib boʻlmaydigan holatlar aniq koʻrsatilishi kerak. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi qarorning qonuniyligini tekshirish uchun mazkur xabarnomaga tergovchining yoki surishtiruvchining telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni amalga oshirish haqidagi qarorining, ushbu tergov harakati bayonnomasining va zarur materiallarning koʻchirma nusxalari ilova qilinadi.

Mazkur xabarnomani va unga ilova qilingan materiallarni olgach, sudya amalga oshirilgan telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turishning, ular orqali uzatiladigan axborotni olishning qonuniyligini ushbu Kodeksning 169-1 va 169-2-moddalari tartibida qirq sakkiz soat ichida tekshiradi hamda uning qonuniyligi yoki qonunga xilofligi toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Agar sudya telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni qonunga xilof ravishda amalga oshirilgan deb topsa, ularni amalga oshirish davomida olingan barcha dalillar ushbu Kodeksning 95-1-moddasiga muvofiq nomaqbul deb topiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.