Garov gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning qarindoshlari, boshqa fuqarolar yoki yuridik shaxslar tomonidan surishtiruv, dastlabki tergov organining yoxud sudning depozit hisobvaragʻiga topshiriladigan pul mablagʻidan yoki qimmatbaho buyumlardan iboratdir. Garov tariqasida koʻchmas mulk ham qabul qilinishi mumkin.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga nisbatan sud tomonidan pul tarzidagi garov qoʻllanilgan taqdirda, garov surishtiruv yoki dastlabki tergov organining depozit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Garovni qabul qilish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror bayonnoma tuzadi, sud esa sud majlisi bayonnomasiga tegishlicha belgi qoʻyadi. Bayonnomada gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga uning ushbu Kodeksning 46 va 48-moddalarida koʻrsatilgan majburiyatlari tushuntirilganligi va u bu majburiyatlarni buzmaslikka soʻz berganligi, garovga qoʻyuvchiga esa gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi majburiyatlarini bajarmagan taqdirda garov summasidan mahrum boʻlishi maʼlum qilinganligi koʻrsatilishi kerak. Bayonnoma garovni qabul qilgan mansabdor shaxs, garovga qoʻyuvchi va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan imzolanadi.
Garov summasi bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan kam boʻlishi mumkin emas va uni ushbu ehtiyot chorasini tanlagan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ayblovning ogʻirligini, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining va garovga qoʻyuvchining shaxsini, garovga qoʻyuvchining mulkiy ahvolini hamda uning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi bilan munosabatlarini inobatga olgan holda belgilaydi.
Garovga qoʻyuvchi garovni topshirish chogʻida, shu ehtiyot chorasi tanlangan ayblovning mohiyati, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga tayinlanishi mumkin boʻlgan jazo va oʻzining javobgarligi toʻgʻrisida xabardor qilinishi kerak. U oʻzi qabul qilgan majburiyatlaridan garovning davlat mulkiga oʻtib ketishi uchun sabab boʻladigan asoslar yuzaga kelguniga qadar voz kechishi mumkin.
Garovga qoʻyuvchi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining xulq-atvorini kuzatishga imkoni boʻlmaganligini bahona qilishga haqli emas, bundan u bartaraf etib boʻlmaydigan vaziyatning taʼsirini isbotlab beradigan hollar mustasno.
Agar ehtiyot chorasini oʻzgartirish uni tanlash shart-sharoitlari buzilganligi tufayli roʻy bermayotgan boʻlsa, xuddi shuningdek ish boʻyicha ish yuritish tugatilgan yoxud sud hukmi kuchga kirgan taqdirda garov garovga qoʻyuvchiga qaytariladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini buzgan taqdirda garov sud ajrimi bilan davlat mulkiga oʻtkaziladi va gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga nisbatan jiddiyroq ehtiyot chorasi qoʻllaniladi.