Tergovchi: jinoyat ishini qoʻzgʻatishga va tugatishga, ishni qoʻzgʻatishni rad etishga; jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlash va soʻroq qilishga; ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tergov harakatlarini olib borishga; shaxsni ishda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga; shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish toʻgʻrisida va unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqida qaror qabul qilishga, bundan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi mustasno; oʻz yurituviga qabul qilgan ishlar boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlarini bajarish toʻgʻrisida yozma topshiriqlar berishga; boshqa tergovchi va surishtiruvchilarga ayrim tergov harakatlarini yuritish toʻgʻrisida topshiriq berishga; tergovga qadar tekshiruv yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga shaxslarni ushlab turish, majburiy keltirish, qidirish toʻgʻrisidagi qarorlarning ijrosini topshirishga, ulardan ayrim tergov harakatlarini yuritishda koʻmaklashishni talab qilishga; qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash toʻgʻrisida iltimosnoma berishga, shuningdek ehtiyot chorasini ushbu Kodeksning 240 va 243-1-moddalariga muvofiq bekor qilishga yoki oʻzgartirishga; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida iltimosnoma berishga; Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma berishga; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqida iltimosnomalar berishga, shuningdek mazkur protsessual majburlov choralarini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bekor qilishga; murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash haqida iltimosnomalar berishga, shuningdek mazkur choralarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bekor qilishga; tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqida, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisida iltimosnomalar berishga; amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida prokurorga taqdimnoma kiritishga haqlidir.
Tergovchi tergovning yoʻnalishi va tergov harakatlarini yuritishga oid barcha qarorlarni, prokuror ruxsatini olish qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mustaqil ravishda qabul qiladi.
Tergovchi prokurorning shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish haqidagi, jinoyatni tavsif qilish va ayblov hajmi haqidagi, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida prokurorga taqdimnoma kiritish haqidagi ishni sudga yuborish yoki ishni tugatish haqidagi, tugallangan ishni qoʻshimcha tergovga qaytarish haqidagi koʻrsatmalariga rozi boʻlmasa, oʻz eʼtirozlarini yozma ravishda bayon qilgan holda ishni yuqori turuvchi prokurorga taqdim etishga haqlidir. Bunday hollarda quyi turuvchi prokurorning koʻrsatmasini yuqori turuvchi prokuror oʻz qarori bilan yo bekor qiladi yoki ish boʻyicha tergov yuritishni boshqa tergovchiga topshiradi.
Tergovchining oʻz yuritishidagi ish yuzasidan qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va chiqargan qarorlari barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.