JPK · 385-modda

385-modda. Ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishi yuzasidan prokurorning qarori

Prokuror yoki uning oʻrinbosari ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishini koʻpi bilan besh sutkada koʻrib chiqishi va quyidagi qarorlardan birini qabul qilishi shart:

1) ishni sudga yuborish uchun asoslar mavjud deb topib, ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlash;

2) oʻz qarori bilan ayblov mazmunidan ayrim bandlarni chiqarib tashlash, yengilroq jinoyatni nazarda tutuvchi qonunni qoʻllash va shu oʻzgartirishlar bilan ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlash;

3) qoʻshimcha tergov oʻtkazish uchun ishni oʻz koʻrsatmalari bilan surishtiruvchi yoki tergovchiga qaytarish;

4) surishtiruv oʻtkazilgan jinoyat ishini tergovga tegishlilik qoidalari buzilganligi aniqlangan yoki ushbu Kodeksning 381-5-moddasi toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda dastlabki tergov organiga oʻtkazish;

5) ishni yuritishni toʻxtatish;

6) ishni tugatish;

7) amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish.

Basharti ayblovni toʻldirish yoki uni ogʻirlashtirish tomoniga yoxud haqiqiy holatlarga koʻra avvalgi ayblovdan jiddiy farq qiladigan tomonga oʻzgartirish talab qilinsa, prokuror yoki uning oʻrinbosari qoʻshimcha yoki oʻzgartirilgan ayb eʼlon qilish uchun ishni qoʻshimcha tergovga qaytaradi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.