JPK · 417-modda

417-modda. Jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari

Agar sud tergovi vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, sud jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qiladi.

Taxmin qilinayotgan jinoyat koʻrilayotgan ish bilan uzviy bogʻliq boʻlgan va bu ishlarni alohida-alohida koʻrish imkoniyati boʻlmagan hollarda, davlat ayblovini qoʻllab-quvvatlovchi prokuror yoki jabrlanuvchi, uning vakilining yoxud sudlanuvchining, uning himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosnomasiga koʻra sud boshqa shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslarni aniqlash yuzasidan tegishli protsessual harakatlarni bir oygacha boʻlgan muddatda oʻtkazishni ish boʻyicha ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga topshirish haqida ajrim chiqaradi.

Iltimosnomada boshqa shaxsni ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish bilan bogʻliq protsessual harakatlarni amalga oshirish zarurati asoslantirilgan boʻlishi kerak.

Sud ajrimini ijro etish natijalariga koʻra davlat ayblovini qoʻllab-quvvatlovchi prokuror sudga yangidan tuzilgan ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi yoxud ularga qoʻshimchani taqdim etadi hamda uning koʻchirma nusxasini sudlanuvchiga va uning himoyachisiga topshiradi.

Ilgari eʼlon qilingan ayblov boshqa shaxs ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi munosabati bilan oʻzgartirilgan taqdirda, sud ishni koʻrishni sud muhokamasining umumiy shartlari boʻyicha qayta tiklaydi. Bunday hollarda sud muhokamasining muddati oʻzgartirilgan yoki toʻldirilgan ayblov boʻyicha ishni sudda koʻrish qayta tiklangan paytdan eʼtiboran hisoblanadi.

Ish boʻyicha sud tergovi oʻtkazilayotganda sud sudda ishni yuritish toʻxtatib turilguniga qadar oʻtkazilgan protsessual harakatlarni takroran oʻtkazish zarurligi toʻgʻrisidagi masalani taraflarning fikrini inobatga olgan holda hal qiladi.

Prokuror tomonidan ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasiga qoʻshimchalar taqdim etilganda, sud sudlanuvchiga, uning himoyachisiga prokuror tomonidan taqdim etilgan qoʻshimcha dalillar va ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasiga qoʻshimcha bilan tanishishga, shuningdek ushbu dalillarga va dalolatnoma yoki xulosaga eʼtirozlar taqdim etishga boʻlgan huquqini taʼminlaydi.

Sud prokuror tomonidan taqdim etilgan materiallar boʻyicha taraflarning fikrini aniqlaydi va ularni jinoyat ishiga qoʻshib qoʻyish haqida ajrim chiqaradi.

Sud ushbu moddaning yettinchi qismida koʻrsatilgan masalalarni hal qilishda sudlanuvchi, uning himoyachisi huquqlarini taʼminlash uchun sud majlisida oʻn sutkagacha tanaffus eʼlon qiladi.

Qoʻshimcha taqdim etilgan yangi dalillarni baholash va tekshirish ushbu Kodeks 443-moddasining ikkinchi qismida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.

Toʻplangan va qoʻshimcha taqdim etilgan dalillar asosida prokuror taraflar muzokaralarida sudga toʻldirilgan ayblovni inobatga olgan holda qarorning taʼrifini taqdim etadi.

Agar sud tergovi vaqtida bila turib yolgʻon koʻrsatuv bergan guvoh, jabrlanuvchi yoki bila turib notoʻgʻri xulosa bergan ekspert yoxud bila turib notoʻgʻri tarjima qilgan tarjimon tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, sud hukm chiqarganidan soʻng jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.