Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi sudning ayblov hukmini yoki ajrimini oʻzgartirish chogʻida quyidagilarga haqli:
1) jazoni yengillashtirishga yoki mahkumga nisbatan yengilroq jinoyat toʻgʻrisidagi qonunni qoʻllashga;
2) mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topishga;
3) jazoni ijro etish muassasasi turini yengilrogʻiga yoki ogʻirrogʻiga oʻzgartirishga;
4) jinoyat natijasida yetkazilgan, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan moddiy zarar miqdorini, shuningdek maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish miqdorini kamaytirishga yoki koʻpaytirishga;
5) Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq mahkumga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashga;
6) ashyoviy dalillar, protsessual chiqimlar toʻgʻrisidagi masalalarni va boshqa masalalarni hal etishga.
Oqlov hukmining oqlov asoslariga doir qismi oqlangan shaxsning, uning himoyachisining, qonuniy vakilining shikoyatiga koʻra oʻzgartirilishi mumkin.