Kassatsiya instansiyasi sudining majlisi raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday jinoyat ishi va kimning kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrilayotganligini eʼlon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, tarjimonning familiyasini, ismini va otasining ismini maʼlum qiladi.
Raislik qiluvchi hozir boʻlgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar hamda iltimosnomalar bor-yoʻqligini, ular kassatsiya shikoyatida (protestida) bayon etilgan iltimosnomalarni quvvatlashini yoki quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimosnomalar mavjud boʻlganda sud ular boʻyicha ajrim chiqaradi.
Ishni koʻrish sudyalardan biri tomonidan birinchi instansiya sudi hukmining, ajrimining, kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmunini qisqacha bayon etish bilan boshlanadi.
Sudyaning maʼruzasidan keyin sud kassatsiya shikoyati (protesti) bergan taraflarning maʼruzalarini va boshqa tarafning eʼtirozlarini eshitadi. Bir nechta shikoyat mavjud boʻlgan taqdirda soʻzga chiqish navbati taraflarning fikrlari hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Agar berilgan kassatsiya shikoyatlari bilan bir qatorda prokuror bildirgan kassatsiya protesti mavjud boʻlsa, soʻz birinchi navbatda prokurorga beriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudining majlisida ishtirok etayotgan prokuror koʻrib chiqilayotgan kassatsiya shikoyatlari yuzasidan fikrini bildiradi, protestda koʻrsatilgan vajlarni bayon etadi.
Sud taraflarning fikrlarini eshitib, birinchi instansiya sudi hukmining, ajrimining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini lozim darajada tekshirish zaruratidan kelib chiqib, bevosita sud majlisida tekshirilishi lozim boʻlgan dalillar hajmini aniqlash toʻgʻrisida, sud majlisiga mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchini, guvohlarni, ekspertlarni va zarurat boʻlganda boshqa shaxslarni chaqirish haqida qaror qabul qiladi. Shundan keyin sud sudning majlisiga chaqirilgan mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchilarni, guvohlarni soʻroq qilish yoʻli bilan dalillarni tekshirishga, shuningdek taraflarning iltimosnomasi boʻyicha hamda oʻzining tashabbusi bilan hujjatlarni, bayonnomalarni va ishga aloqador boshqa materiallarni oʻqib eshittirishga kirishadi.
Dalillarni tekshirish tartibi taraflarning fikrlari inobatga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Taraflar kassatsiya instansiyasi sudiga kassatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan vajlarni tasdiqlab yoki inkor etib, qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli.
Birinchi instansiya sudida soʻroq qilingan guvohlar, agar sud buni zarur deb topgan boʻlsa, kassatsiya instansiyasi sudida soʻroq qilinadi.
Taraflarning dalillarni, shu jumladan birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirish toʻgʻrisidagi va sud majlisiga guvohlarni, ekspertlarni hamda boshqa shaxslarni chaqirish haqidagi iltimosnomalari ushbu Kodeks 438-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi. Bunda sud iltimosnomani qanoatlantirishni faqat iltimosnoma birinchi instansiya sudi tomonidan qanoatlantirilmaganligiga asosan rad etishga haqli emas.
Birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar (yangi dalillar) sud tomonidan qabul qilinadi, bunda ularni tekshirish toʻgʻrisida iltimosnoma bergan shaxs oʻziga bogʻliq boʻlmagan qaysi sabablarga koʻra bu dalillarni birinchi instansiya sudiga taqdim etishga imkoniyati boʻlmaganligini tushuntirib berishi kerak.
Kassatsiya instansiyasi sudi dalillarni tekshirishga, shu jumladan videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda tekshirishga haqli.
Sud tergovi tugallangach, sud taraflardan sud tergoviga qoʻshimcha qilish yuzasidan iltimoslari bor-yoʻqligini surishtiradi. Sud bu iltimoslarni hal etadi va shundan keyin taraflarning muzokaralariga oʻtadi.
Sud muzokaralari ushbu Kodeksning 449-moddasi qoidalari asosida oʻtkaziladi, bunda shikoyat (protest) bergan shaxs birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.
Taraflarning muzokaralari tamom boʻlganidan keyin raislik qiluvchi mahkumga (oqlangan shaxsga), agar u sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, oxirgi soʻzni beradi, shundan soʻng sud qaror chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori ushbu Kodeksning 497-31-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorini eʼlon qilish ushbu Kodeksning 473, 497-31-moddalari qoidalariga koʻra amalga oshiriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudida sud majlisining bayonnomasi yuritiladi. Sud majlisining bayonnomasi ushbu Kodeksning 426-moddasida koʻrsatilgan muddatlarda tayyorlanishi kerak. U bilan sud majlisining barcha ishtirokchilari tanishishga haqli. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan ushbu Kodeksning427-moddasida nazarda tutilgan tartibda mulohazalar bildirilishi mumkin.