Jinoyat ishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudida, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida koʻrilayotganda sud majlisi raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning shikoyati, protesti (xususiy shikoyati, xususiy protesti) boʻyicha koʻrilayotganligini eʼlon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining, shuningdek agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, tarjimonning familiyasini, ismini va otasining ismini maʼlum qiladi.
Raislik qiluvchi hozir boʻlgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar hamda iltimosnomalar bor-yoʻqligini, taftish tartibidagi shikoyatda, protestda (xususiy shikoyatda, xususiy protestda) bayon etilgan iltimosnomalarni ular quvvatlashi-quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimosnomalar mavjud boʻlgan taqdirda sud ular boʻyicha ajrim chiqaradi.
Ishni koʻrish sudyalardan biri tomonidan birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi hukmining, ajrimining, taftish tartibida berilgan shikoyatning, protestning (xususiy shikoyatning, xususiy protestning) mazmunini qisqacha bayon etish bilan boshlanadi.
Sudyaning maʼruzasidan keyin sud taftish tartibida shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) bergan tarafning maʼruzasini va boshqa tarafning eʼtirozlarini eshitadi. Bir nechta shikoyat (xususiy shikoyat) mavjud boʻlgan taqdirda soʻzga chiqish navbati taraflarning fikrlari hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Agar berilgan taftish tartibidagi shikoyatlar (xususiy shikoyatlar) bilan bir qatorda prokurorning taftish tartibida bildirilgan protesti (xususiy protesti) mavjud boʻlsa, soʻz birinchi navbatda unga beriladi.
Taftish instansiyasi sudining majlisida ishtirok etayotgan prokuror koʻrib chiqilayotgan taftish shikoyatlari (xususiy shikoyatlar) yuzasidan fikrini bildiradi, protestda (xususiy protestda) koʻrsatilgan vajlarni bayon etadi.
Sud taraflarning fikrlarini eshitib, birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlari hukmining, ajrimining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi lozim darajada tekshirilishini taʼminlash zaruratidan kelib chiqib, bevosita sud majlisida tekshirilishi lozim boʻlgan dalillar hajmini aniqlash toʻgʻrisida, sud majlisiga mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlarni va, zarurat boʻlganda, boshqa shaxslarni chaqirish haqida qaror qabul qiladi. Shundan keyin sud sudning majlisiga chaqirilgan mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchilarni, guvohlarni soʻroq qilish yoʻli bilan dalillarni tekshirishga, shuningdek taraflarning iltimosnomasiga koʻra hamda oʻz tashabbusi bilan hujjatlarni, bayonnomalarni va ishga aloqador boshqa materiallarni oʻqib eshittirishga kirishadi.
Dalillarni tekshirish tartibi taraflarning fikrlari inobatga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Taraflar taftish instansiyasi sudiga taftish tartibida berilgan shikoyatda, protestda (xususiy shikoyatda, xususiy protestda) keltirilgan vajlarni tasdiqlab yoki inkor etib, qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli.
Birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida soʻroq qilingan guvohlar, agar sud zarur deb topsa, ishni taftish tartibida koʻrish chogʻida soʻroq qilinadi.
Taraflarning dalillarni, shu jumladan birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirish toʻgʻrisidagi va sud majlisiga guvohlarni, ekspertlarni hamda boshqa shaxslarni chaqirish haqidagi iltimosnomalari ushbu Kodeks 438-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi. Bunda sud iltimosnomani qanoatlantirishni faqat u birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qanoatlantirilmaganligiga asoslanib rad etishga haqli emas.
Birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar (yangi dalillar) sud tomonidan qabul qilinadi, bunda ularni tekshirish toʻgʻrisida iltimosnoma bergan shaxs bu dalillarni oʻziga bogʻliq boʻlmagan qanday sabablarga koʻra birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga taqdim etish imkoniyati boʻlmaganligini tushuntirib berishi kerak.
Ishni taftish tartibida koʻrayotgan sud dalillarni tekshirishga, shu jumladan videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda tekshirishga haqli.
Sud tergovi tugallangach, sud taraflardan ularda sud tergoviga qoʻshimcha qilish yuzasidan iltimosnomalari bor-yoʻqligini surishtiradi. Sud bu iltimosnomalarni hal etadi, shundan keyin taraflarning muzokaralariga oʻtadi.
Sud muzokaralari ushbu Kodeks 449-moddasining qoidalari asosida oʻtkaziladi, bunda shikoyat (protest) bergan shaxs birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.
Taraflarning muzokaralari tamom boʻlganidan keyin raislik qiluvchi mahkumga (oqlangan shaxsga), agar u sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, oxirgi soʻz beradi, shundan keyin sud qaror chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi.
Ishni taftish tartibida koʻrayotgan sudning qarori ushbu Kodeksning 497-31-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
Taftish instansiyasi sudining qarorini eʼlon qilish ushbu Kodeksning 473, 497-31-moddalari qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Taftish instansiyasi sudida sud majlisining bayonnomasi yuritiladi. Sud majlisining bayonnomasi ushbu Kodeksning 426-moddasida koʻrsatilgan muddatlarda tayyorlanishi kerak. U bilan sud majlisining barcha ishtirokchilari tanishishga haqli. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan ushbu Kodeksning 427-moddasida nazarda tutilgan tartibda mulohazalar bildirilishi mumkin.