Prokurorning amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi jinoyat sodir qilingan yoxud surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi boʻlmagan yoxud iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining raisi belgilaydigan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Sud majlisi iltimosnoma jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallari yoki jinoyat ishi bilan birga sudga kelib tushgan paytdan eʼtiboran oʻn sutkadan kechiktirmay oʻtkaziladi.
Iltimosnomani koʻrib chiqish sud tomonidan prokuror albatta ishtirok etgan holda amalga oshiriladi.
Sud majlisida amnistiya aktini qoʻllash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qoʻyilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari ishtirok etadi. Sud majlisi oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida lozim darajada xabardor qilingan mazkur shaxslarning uzrsiz sabablarga koʻra kelmaganligi sud majlisining oʻtkazilishiga monelik qilmaydi.
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi qaysi gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan tanlangan boʻlsa, oʻsha gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining sud majlisida ishtirok etishi zarurligi masalasi sud tomonidan hal qilinadi.
Sud majlisi prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, prokuror amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish yoki jinoyat ishini tugatish zarurligini asoslab beradi. Soʻngra amnistiya aktini qoʻllash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qoʻyilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxsning, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, himoyachining, qonuniy vakilning soʻzlari eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi.
Sud taraflarda jinoyat ishini tugatish yoxud jinoyat ishi qoʻzgʻatishni ushbu Kodeksning 83 va 84-moddalarida belgilangan boshqa asoslar boʻyicha rad qilish uchun asoslar bor-yoʻqligini aniqlaydi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
Sud majlisi vaqtida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga koʻra bayonnoma yuritiladi.
Sud muhokamasi natijalari boʻyicha sudya qonunda belgilangan tartibda ajrim chiqaradi, ushbu ajrimning gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini qamoqdan yoki uy qamogʻidan ozod qilishga doir qismi darhol ijro etilishi lozim.
Sudning ajrimi ijro etish uchun prokurorga, maʼlumot uchun esa amnistiya aktini qoʻllash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, jabrlanuvchiga (fuqaroviy daʼvogarga), himoyachiga va qonuniy vakilga yuboriladi.
Agar sud majlisi davomida amnistiya aktini qoʻllash uchun asoslar mavjud emasligi aniqlansa, sud tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini umumiy qoidalar boʻyicha tegishincha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish yoki surishtiruv yoxud dastlabki tergov ishini yuritish uchun prokurorga yuborish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.