Ekspert: ekspertiza predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish; ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; tergov harakatlari oʻtkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir boʻlish hamda shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga ekspertiza predmetiga oid savollar berish; sud muhokamasida ekspertiza predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va soʻroq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish; dalillar va hujjatlarni koʻzdan kechirish; oʻz xulosasida nafaqat oʻzining oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar boʻyicha ham fikrlarini bayon etish; uning xulosasi yoki koʻrsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar berish; agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida xulosa taqdim etish va koʻrsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ishni yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan shikoyatlar qilish huquqiga egadir.
Ekspert: ushbu Kodeksning 76 va 78-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda oʻzini oʻzi rad etishi haqida darhol arz qilishi; oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning chaqiruviga binoan surishtiruvda, dastlabki tergovda yoki sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi; oʻzi oʻtkazgan ekspertiza xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi; ekspertizani oʻtkazishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini taʼminlashi; ish tergov qilinayotganda va sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Ekspert uzrsiz sabablarga koʻra kelmagan taqdirda qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishi mumkin.
Ekspert bila turib notoʻgʻri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning ruxsatisiz, yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini esa sudning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek uzrsiz sabablarga koʻra xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan boʻyin tovlaganligi uchun jinoiy javobgar boʻladi.