Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va budjet siyosati amalga oshirilishi, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar boʻladi;
2) barqaror iqtisodiy oʻsishni, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish boʻyicha choralar koʻradi;
3) aholini, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi;
4) atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim oʻzgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
5) yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlaydi, oilani qoʻllab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash boʻyicha choralar koʻradi;
6) fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini taʼminlaydi;
7) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
8) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi;
9) ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi;
10) ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni taʼminlash, ularning faoliyatida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish boʻyicha choralar koʻradi;
11) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi maʼruzalarni taqdim etadi;
12) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.