MJK · 309-modda

309-modda. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror

Organ (mansabdor shaxs) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqib, shu ish yuzasidan qaror chiqaradi.

Qarorda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: qaror chiqargan organning (mansabdor shaxsning) nomi; sud ishining raqami; ish koʻrib chiqilgan sana; ishi koʻrib chiqilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan huquqbuzar jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami; ishni koʻrib chiqish chogʻida aniqlangan holatlarning bayoni; mazkur maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ hujjat; ish yuzasidan qabul qilingan qaror; mavjud boʻlgan taqdirda — jabrlanuvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami, shuningdek qaror ustidan shikoyat berish muddati va tartibi.

Ushbu Kodeksning 308-1-moddasida nazarda tutilgan hollarda qarorda huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki yengilroq maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash haqidagi taqdimnomani qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi toʻxtam ham koʻrsatilishi kerak

Basharti maʼmuriy huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeks 242-moddasining 1 va 3-bandlarida koʻrsatib oʻtilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan maʼmuriy jazoni qoʻllanish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish paytida aybdordan yetkazilgan mulkiy zararni undirib olish masalasi ham hal etiladigan boʻlsa, ish yuzasidan chiqarilgan qarorda undirib olinishi lozim boʻlgan shu zararning miqdori, uni undirib olish muddati va tartibi koʻrsatiladi.

Ish yuzasidan chiqarilgan qarorda olib qoʻyilgan ashyolar va hujjatlar, shuningdek ushlab turilgan transport vositalari toʻgʻrisidagi masala ham hal etilgan boʻlishi lozim.

Qaror majlisda ishtirok etayotgan kollegial organ aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror mansabdor shaxs tomonidan, organning qarori — majlisda raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.

Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida chiqarilishi va ijro etish uchun yuborilishi mumkin.

Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda jazo qoʻllanilganligi toʻgʻrisida maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnomaga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.