Sud qarorining kirish qismida:
qaror chiqarilgan vaqt va joy;
qaror chiqargan sudning nomi, sudyaning, sud majlisi kotibining, taraflarning, agar ishda ishtirok etayotgan boʻlsa, tarjimonning ismi, otasining ismi va familiyasi;
huquqbuzarning ismi, otasining ismi va familiyasi, tugʻilgan yili, oyi, kuni va joyi, yashash joyi, ish joyi, mashgʻulotining turi, maʼlumoti va ish uchun ahamiyatga molik boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Sud qarorining tavsif-asoslash qismida yarashuv uchun asos boʻlgan holatlar bayon etiladi, ushbu Kodeksning 313-4-moddasida sanab oʻtilgan masalalarga javoblar ifodalanadi.
Qarorning qaror qismida sud quyidagi masalalarni hal etadi:
maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi ishni taraflarning yarashuvi munosabati bilan yoki ushbu Kodeksning 310-moddasida koʻrsatilgan boshqa asoslar boʻyicha tugatish haqidagi, maʼmuriy jazoning qoʻllanilishi toʻgʻrisida yoxud uni maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnomani rasmiylashtirgan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni qoʻzgʻatgan organga yuborish haqidagi;
ashyoviy, yozma va raqamli dalillar toʻgʻrisidagi;
zararning oʻrnini qoplash haqidagi.
Sudning qaroriga huquqbuzar, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat tomonidan shikoyat berilishi hamda prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.