MK · 313-modda

313-modda. Intizomiy jazo choralarini qoʻllash tartibi

Intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qoʻllaniladi (ushbu Kodeks 127-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari).

Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilguniga qadar, shu jumladan agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa, yozma tushuntirishni talab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasini tanlash huquqi ish beruvchiga tegishlidir. Intizomiy jazo chorasini qoʻllashda sodir etilgan qilmishning ogʻir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.

Xodimga intizomiy jazo chorasini qoʻllash ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.

Ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida, xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi.

Oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʻlmagan deb hisoblanadi.

Xodimning oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishishni rad etishi hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunday holda xodim buyruq bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.