MK · 352-modda

352-modda. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar

Ish beruvchilar xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarini taʼminlashi shart.

Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilik hujjatlarida, shuningdek mehnatni muhofaza qilish masalalariga oid texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda (bundan buyon matnda mehnatni muhofaza qilish qoidalari deb yuritiladi) belgilanadi.

Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar mehnat faoliyati jarayonida xodimning hayoti va sogʻligʻini saqlashga qaratilgan qoidalarni, tartib-taomillarni va mezonlarni belgilaydi.

Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), ulardan foydalanish, mashinalarni, mexanizmlarni va boshqa jihozlarni konstruksiya qilish, texnologik jarayonlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarishni va mehnatni tashkil etish, shuningdek oʻzga turdagi faoliyatni amalga oshirish chogʻida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart.

Xodimlarning shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari mehnatni muhofaza qilishga doir talablarga mos kelishi hamda muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi shart.

Mehnatni muhofaza qilishga doir talablarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini oʻz ichiga olgan qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va oʻzgartirish tartibi Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasining takliflari inobatga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.