MK · 473-modda

473-modda. Noqulay mehnat sharoitlari va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari tushunchalari

Zararli (oʻta zararli) va (yoki) xavfli (oʻta xavfli) ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari noqulay mehnat sharoitlaridir. Xodimning mehnat faoliyati amalga oshiriladigan ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillari ishlab chiqarish omillaridir.

Xodimga taʼsiri kasb kasalligiga olib kelishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari zararli mehnat sharoitlaridir.

Xodimga taʼsiri uning jarohatlanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari xavfli mehnat sharoitlaridir. Miqdoriy tavsifiga va taʼsir koʻrsatishning davomiyligiga qarab ayrim zararli ishlab chiqarish omillari xavfli boʻlishi mumkin.

Kasb kasalliklarining ogʻir shakllarini (umumiy mehnat qobiliyatining yoʻqotilishi) yoxud surunkali kasalliklar sonining ancha oʻsishini va mehnat qobiliyatining vaqtincha yoʻqotilishi kuzatiladigan kasallanishning yuqori darajalarini keltirib chiqaradigan zararli ishlab chiqarish omillari darajalari bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari oʻta zararli mehnat sharoitlaridir.

Smena davomida oʻlimga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish omillari bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari oʻta xavfli mehnat sharoitlaridir.

Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari deganda xodim tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishga va uning choʻl joylarda, baland togʻli, borish qiyin boʻlgan joylarda, shuningdek noqulay ekologik vaziyatga ega boʻlgan joylarda istiqomat qilishiga noqulay taʼsir koʻrsatadigan tabiiy-iqlim, geografik, ijtimoiy-iqtisodiy va tibbiy-biologik omillar yigʻindisi tushuniladi. Mehnat qilish uchun noqulay tabiiy-iqlim sharoitlariga ega boʻlgan joylar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.