Sud majlisi chogʻida, shuningdek sud majlisi zalidan tashqarida ayrim protsessual harakatlar bajarilganda bayonnoma yuritiladi.
Sud majlisining bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) sud majlisi oʻtkazilgan yil, oy, sana va joy;
2) ishni koʻrayotgan sudning nomi, sud tarkibi va sud majlisining kotibi;
3) ishning nomi va raqami;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud protsessining boshqa ishtirokchilari kelganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va sud protsessining boshqa ishtirokchilariga sud tomonidan ularning protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
6) sud tomonidan alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan joyida chiqarilgan ajrimlar;
7) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ogʻzaki arzlari va iltimosnomalari;
8) ishni koʻrish chogʻida sudga taqdim etilgan barcha ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari haqidagi maʼlumotlar;
9) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning oʻz xulosalarini ogʻzaki tushuntirishlari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), ashyoviy, yozma va raqamli dalillarning koʻzdan kechirilganligi, olib qoʻyilganligi, sxemalar tuzilganligi, video va fototasvirga olinganligi haqidagi maʼlumotlar;
10) alohida protsessual harakatlarni amalga oshirish chogʻida olingan maʼlumotlar;
11) sud muzokaralarining mazmuni va prokurorning fikri;
12) sudning hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori oʻqib eshittirilganligi haqidagi maʼlumotlar.
Sud majlisi bayonnomasida boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Sud majlisi audio- yoki videoyozuvga olingan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida faqat mazkur modda ikkinchi qismining 1 — 4, 6 — 8, 11-bandlarida nazarda tutilgan masalalar yuzasidan yozuv kiritiladi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar bergan tushuntirishlarning boshlangan va tugagan vaqti, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning oʻz xulosalari yuzasidan bergan ogʻzaki tushuntirishlari, muzokaralar va prokurorning fikri aks ettiriladi, shuningdek sud majlisini yozib olishning texnik vositalaridan foydalanilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi. Elektron yoxud boshqa audio- yoki videoyozuvlar jamlangan vositalar sud majlisi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyiladi.
Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilganlardan tashqari quyidagi maʼlumotlar ham koʻrsatilishi kerak:
sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashgan sudning nomi haqidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sudga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud protsessining boshqa ishtirokchilari toʻgʻrisidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sudning hamda ishni koʻrayotgan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xodimlari haqidagi.