MSK · 189-modda

189-modda. Maʼmuriy organning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining, ular mansabdor shaxslarining qarori, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sudning hal qiluv qarori

Maʼmuriy organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ushbu Kodeksning 19-bobida belgilangan qoidalarga koʻra sud tomonidan qabul qilinadi.

Sud ustidan shikoyat qilinayotgan qaror yoki uning ayrim qismlari yoxud harakatlar (harakatsizlik) qonunchilikka zid ekanligini hamda arizachining huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzayotganligini aniqlasa, qarorni yoki uning ayrim qismlarini haqiqiy emas, yoxud harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.

Sud agar ustidan shikoyat qilinayotgan qaror yoki uning ayrim qoidalari yoxud harakatlar (harakatsizlik) qonunga muvofiq ekanligini hamda arizachining huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmayotganligini aniqlasa, u arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.

Qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish haqidagi hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

1) qarorni qabul qilgan yoki harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan organning (mansabdor shaxsning) nomi, qarorning nomi, raqami, u qabul qilingan sana, ustidan shikoyat qilinayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy;

2) qarorning toʻliq yoki qisman haqiqiy emas yoki harakatlarning (harakatsizlikning) qonunga xilof deb topilganligi;

3) sud xarajatlarini taqsimlash.

Qaror haqiqiy emas, harakatlar (harakatsizlik) qonunga xilof deb topilgan taqdirda sud tegishli organning yoki mansabdor shaxsning zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklaydi:

qonunga muvofiq qaror qabul qilish yoki muayyan harakatlarni amalga oshirish yoxud arizachining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining buzilishlarini boshqacha usulda bartaraf etish;

yoʻl qoʻyilgan buzilishlarni bartaraf etish va hal qiluv qarorining ijrosi toʻgʻrisida sudga va arizachiga, agar sud tomonidan boshqacha muddat belgilanmagan boʻlsa, sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir oy ichida xabar qilish.

Sudning ishni koʻrish natijasi boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori, agar uning ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan (protest keltirilmagan) boʻlsa, u qabul qilingan paytdan eʼtiboran bir oy oʻtgach, qonuniy kuchga kiradi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.