MSK · 79-modda

79-modda. Ekspertiza

Ishni koʻrib chiqish vaqtida yuzaga keladigan, fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni tushuntirib berish uchun sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning roziligi bilan ekspertiza tayinlaydi. Agar ekspertizani tayinlash qonunda belgilab qoʻyilgan yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa yoki taqdim etilgan dalilning qalbakilashtirilganligi toʻgʻrisidagi arizani tekshirish uchun yoxud qoʻshimcha ekspertiza tayinlash zarur boʻlsa, sud ekspertizani oʻz tashabbusi bilan tayinlashi mumkin.

Ekspertiza oʻtkazilishi zarur boʻlgan masalalarning doirasi va mazmuni sud tomonidan belgilanadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudga ekspertiza oʻtkazish vaqtida tushuntirib berilishi lozim boʻlgan savollarni taqdim etishga haqli. Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar taqdim etgan savollar rad qilinganligini asoslab berishi shart.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar: oʻzlari koʻrsatgan shaxslarni ekspert sifatida jalb etish toʻgʻrisida yoki ekspertizani muayyan ekspertiza muassasasida oʻtkazish haqida iltimos qilishga, ekspertni rad etish toʻgʻrisida arz qilishga; ekspertiza tayinlash haqidagi ajrimga ekspert oldiga qoʻyilgan masalalarga qoʻshimcha masalalar kiritish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilishga; ekspertga tushuntirishlar berishga; ekspert xulosasi bilan yoki xulosa berishning imkoni boʻlmaganligi haqidagi xabar bilan tanishishga; qoʻshimcha yoki takroriy ekspertiza oʻtkazish haqida iltimosnoma kiritishga haqli.

Ekspertiza tayinlash toʻgʻrisida yoki ekspertiza tayinlash haqidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.

Ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda: ekspertizani tayinlash asoslari; ekspertning familiyasi, ismi va otasining ismi yoki ekspertiza oʻtkazilishi lozim boʻlgan ekspertiza muassasasining nomi; ekspert oldiga qoʻyilgan savollar; ekspert ixtiyoriga taqdim etiladigan materiallar va hujjatlar; ekspertizani oʻtkazish va sudga xulosani taqdim etish kerak boʻlgan muddat koʻrsatiladi.

Taraf ekspertizada ishtirok etishdan boʻyin tovlagan, ekspertlarga tekshirish uchun zarur materiallar va hujjatlarni taqdim etmagan hollarda hamda boshqa hollarda, agar ishdagi mavjud holatlarga koʻra va shu tarafning ishtirokisiz ekspertiza oʻtkazish imkoni boʻlmasa, sud aynan qaysi taraf ekspertizadan boʻyin tovlayotganligidan, shuningdek uning uchun ekspertiza qanday ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, qaysi fakt yuzasidan ekspertiza tayinlangan boʻlsa, oʻsha faktni tasdiqlangan yoki inkor etilgan deb topishga haqli.

Ishonch bildiruvchi shaxsning roziligi bilan advokat shartnoma asosida ekspertiza oʻtkazilishiga doir advokat soʻrovini davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga yuborishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.