Quyidagilar shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar boʻlishi mumkin:
davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar;
davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar.
Buyurtmachilar:
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchini tanlash hamda u bilan bu hujjatlarni ishlab chiqishga doir shartnomani tuzish;
obyektlarni qurish boʻyicha pudratchini tanlash va u bilan pudrat shartnomasini tuzish huquqiga ega.
Buyurtmachilar:
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etishi;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun topshiriqlarni tayyorlashi va tasdiqlashi;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarga loyihalashtirishga doir birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni, shu jumladan arxitektura-rejalash topshirigʻini, topografik materiallarni, muhandislik-geologik qidiruvlarning va tayanch qurilish konstruksiyalarining texnik holatini tekshiruvdan oʻtkazish materiallarini, nuqsonlarga oid dalolatnomalarni taqdim etishi;
shaharsozlik hujjatlarining ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlashi;
loyihalashtirish jarayoni ustidan tekshiruvni va qurilish sifati ustidan texnik nazoratni amalga oshirishi, qurilish jarayonida kamchiliklar va nuqsonlar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish yuzasidan choralar koʻrishi;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish boʻyicha mualliflik nazorati amalga oshirilishini taʼminlashi;
hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan obyektni ekspluatatsiya qilish uchun ruxsatnoma berilganidan keyin foydalanishning kafolat muddati davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini tashkil qilishi shart.
Buyurtmachilarga, bundan asosiy faoliyat turi sifatida qurilish-montaj ishlarini olib boruvchi tashkilotlar mustasno, pudratchi bilan qurilish pudrati shartnomasini tuzmasdan mustaqil ravishda (xoʻjalik usulida) balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq, ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda) boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash taqiqlanadi.
Buyurtmachilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.