Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aholi punkti — huquqiy maqom, nom va chegara bilan belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy birligi (shahar, shaharcha, qishloq, ovul);
aholi punktining bosh rejasi — aholi punktini hududiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini hamda fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitini kompleks shakllantirish shart-sharoitlarini belgilaydigan shaharsozlik hujjati;
aholi punktlariaro hududlar — ikki va undan ortiq aholi punkti oraligʻidagi aholi punktlari chegaralaridan tashqaridagi hududlar;
aholi punktining chegara chizigʻi — aholi punkti yerlarining ularni yer fondining boshqa toifalaridan ajratib turadigan, shaharsozlik hujjatlarida belgilangan tashqi chegarasi;
aholini joylashtirish tizimi — mavjud aholi punktlarini rivojlantirish hamda yangi aholi punktlarini barpo etish yoʻli bilan aholini tegishli hududga tartibga solib boriladigan tarzda joylashtirishning shaharsozlik hujjatlari bilan belgilanadigan asosiy yoʻnalishlari;
bino — funksional maqsadiga qarab odamlar yashashi yoki boʻlishiga va har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarishga moʻljallangan, tayanch, toʻsma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat qurilish tizimi;
buyurtmachi — obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va buzishning amalga oshirilishini taʼminlovchi, shuningdek shu maqsadlarda loyiha-qidiruv, ekspertlik, qurilish-montaj va nazorat ishlarini bajarish uchun tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
zonalashtirish — hududni rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish chogʻida shaharsozlikning foydalanish turlarini hamda bu turlardan foydalanishga doir cheklovlarni belgilagan holda, hududning funksional maqsadga koʻra boʻlinishi;
inshoot — har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarish, moddiy qimmatliklarni joylashtirish va saqlash, odamlarning vaqtincha boʻlishi (harakatlanishi), shuningdek uskunalar yoki kommunikatsiyalarni joylashtirish (oʻtkazish, ulash) uchun moʻljallangan, tayanch, toʻsma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat hajmiy, yassi yoki chiziq tarzidagi qurilish tizimi;
ishlab chiqarish obyektlari — odamlar va texnologik asbob-uskunalar ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar taʼminlanadigan ishlab chiqarishni joylashtirish uchun moʻljallangan binolar hamda inshootlar;
qizil chiziqlar — shaharsozlik hujjatlarida belgilanadigan, mavzelarning, kichik dahalarning va rejalashtirish tuzilmasi boshqa elementlarining hududlarini aholi punktlarining koʻchalaridan, tor koʻchalaridan va maydonlaridan ajratib turuvchi chegaralar;
noyob va alohida muhim obyektlar — alohida yoki birgalikda oʻziga xos, betakror hajmiy-rejaviy, konstruktiv, muhandislik yoki texnologik yechimlari hamda arxitektura gʻoyasi bilan, yuqori texnik darajadagi yutuqlar va meʼmorchilikni oʻzida mujassam etgan binolar, inshootlar va ularning majmualari;
reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) — tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun maxsus ishlab chiqilgan va qoʻllaniladigan vositalar, shuningdek aholiga axborot yetkazish vazifalarini bajaruvchi texnik vositalar (konstruksiyalar);
turar joy obyektlari — odamlar yashashi uchun moʻljallangan binolar, doimiy yashash uchun uy-joylar (xonadonlar), shuningdek vaqtincha yashash uchun yotoqxonalar, mehmonxonalar, maktab-internatlar, qariyalar uylari;
urbanizatsiya — aholining ijtimoiy-kasbiy va demografik tuzilishida ijobiy oʻzgarishlarga, uning turmush tarzi hamda madaniyati sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilishiga koʻmaklashuvchi, jamiyat va iqtisodiyotni rivojlantirishda shaharlarning rolini oshirish, shuningdek shahar infratuzilmasini shakllantirish jarayoni. Urbanizatsiya, qoida tariqasida, shahar atrofini shahar hududiga kiritish, bir nechta aholi punktlarini yagona makonga birlashtirish bilan birga olib boriladi;
fuqaroviy obyektlar — madaniyat, jismoniy tarbiya, sport, ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat koʻrsatish muassasalari va tashkilotlarini, bank-moliya muassasalarini, qurilish-kommunal tashkilotlarini, aloqa hamda transport korxonalarini joylashtirish uchun moʻljallangan binolar va inshootlar;
shaharsozlik — aholi punktlarini, aholi punktlariaro hududlarni rejalashtirish hamda qurishning ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish-texnika, arxitektura-badiiy yechimlari yigʻindisini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini hisobga olgan holda taʼminlovchi nazariyasi hamda amaliyoti;
shaharsozlik reglamenti — hududlarni va aholi punktlarini qurishning belgilangan qoidalari, shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida aholi punktlarining hamda aholi punktlariaro hududlarning yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarining, boshqa koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanish koʻrsatkichlari hamda turlarining yigʻindisi;
shaharsozlik faoliyati — davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini belgilash, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish, binolarni, inshootlarni hamda ularning majmualarini shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini, shuningdek mazkur hududlar hamda aholi punktlarining milliy, tarixiy-madaniy, ekologik, tabiiy oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish sohasidagi faoliyati;
shaharsozlik hujjatlari — hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisidagi hamda ularni qurish haqidagi tasdiqlangan hujjatlar;
yakka tartibdagi uy-joy — yakka tartibda uy-joy qurish va tomorqa xoʻjaligini yuritish uchun moʻljallangan bir yer uchastkasida joylashgan bir yoki bir nechta turar-joy binolari va ularga taalluqli boʻlgan tomorqa-xoʻjalik imoratlari va hovli inshootlari.