SHK · 45-modda

45-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, kelishib olish va tasdiqlash

Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish ishlab chiquvchilar tomonidan shartnoma, buyurtmachi tomonidan beriladigan loyihalashtirish topshirigʻi, boshlangʻich-ruxsat beruvchi hujjatlar va muhandislik-texnik qidiruvlar natijalari asosida amalga oshiriladi.

Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga doir topshiriqlar quyidagilar bilan kelishib olinishi lozim:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari boʻyicha;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar ijro etuvchi hokimiyat organlari, tegishli vazirliklar, idoralar bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1 va 2-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari boʻyicha;

tumanlar va shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari boʻyicha;

maxsus vakolatli davlat organi bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1 — 3-bandlarida, 4-bandida (ularning ishlab chiqilishi budjet tizimining budjetlar mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilganda), 5-bandida (budjet tizimining budjetlar mablagʻlari hamda hukumat kafolati ostida moliyalashtiriladigan noyob va alohida muhim davlat ahamiyatiga molik obyektlar boʻyicha) nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari boʻyicha;

maxsus vakolatli davlat organining hududiy boʻlinmalari bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 4-5-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari boʻyicha (ularning ishlab chiqilishi budjet tizimining budjetlar mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilganda).

Shaharsozlik hujjatlari quyidagilar bilan kelishib olinishi lozim:

ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1 — 3-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari tegishli vazirliklar, idoralar va ularning hududiy boʻlinmalari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan;

ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari tegishli vazirliklar, idoralarning hududiy boʻlinmalari vakillari ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan.

Shaharsozlik hujjatlarini kelishib olish muddati bir oydan oshmasligi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaharsozlik hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishib olinishi lozim.

Ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari sanitariya-epidemiologiya xizmatlari va davlat yongʻin nazorati organlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari bilan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa ular huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashlari bilan kelishiladi.

Shaharsozlik hujjatlari ushbu Kodeksda belgilangan vakolatlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, maxsus vakolatli davlat organi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi.

Tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga oʻzgartirishlar ushbu hujjatlarni tasdiqlagan organning yoki buyurtmachining qaroriga binoan kiritiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.