SK · 105-modda

105-modda. Ortiqcha undirilgan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibi

Ortiqcha undirilgan soliq summalarini hisobga olish yoki qaytarish toʻgʻrisida soliq organiga ariza soliq toʻlovchi tomonidan undan soliq ortiqcha undirilgani fakti oʻziga maʼlum boʻlgan kundan yoki sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch yil ichida berilishi mumkin.

Ortiqcha undirilgan soliq summasi soliq toʻlovchiga ushbu Kodeksning 103-moddasi qoidalari inobatga olingan holda, uning yozma arizasiga koʻra, bunday ariza soliq organi tomonidan qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida, Tadbirkorlik subyektlarining yuqori barqarorlik reytingiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga esa (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar mustasno) unga hisoblangan foizlar bilan birga uch kun ichida (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi mustasno) qaytarilishi lozim.

Ortiqcha undirilgan soliq summasiga foizlar soliq toʻlovchi undan soliq ortiqcha undirilgani fakti oʻziga maʼlum boʻlgan kundan yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida murojaat etgan taqdirda hisoblanadi. Foizlar undirilgan kundan keyingi kundan eʼtiboran haqiqiy hisobga olingan (qaytarilgan) kunga qadar hisoblanadi. Hisoblangan foizlar tegishli budjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining shu kunlardagi amal qilayotgan qayta moliyalashtirish stavkasiga teng etib qabul qilinadi.

Agar soliq ortiqcha undirilgani fakti aniqlangan boʻlsa, soliq organi ortiqcha undirilgan soliq summasini, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda ortiqcha undirilgan summaga hisoblangan foizlarni hisobga olish va (yoki) qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq toʻlovchining soliq qarzini uzish hisobidan yoki oʻsha soliq turi boʻyicha yoxud ushbu Kodeks 103-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan boshqa soliqlar boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobidan hisobga olish ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi — beshinchi qismlarida ortiqcha toʻlangan soliq summalarini hisobga olish uchun belgilangan tartibda soliq organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda boshqa soliqlar boʻyicha kelgusi toʻlovlar uchun hisobga olish soliq toʻlovchining yozma yoki elektron tarzdagi arizasiga koʻra soliq organlari tomonidan uch kun ichida amalga oshiriladi.

Ortiqcha undirilgan soliqni qaytarish tartibi ushbu Kodeksning 104-moddasida ortiqcha toʻlangan soliq summalarini qaytarish uchun belgilangan tartibga aynan oʻxshashdir.

Jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida aniqlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ortiqcha toʻlangan (ushlab qolingan) summasi soliq toʻlovchi boʻlgan jismoniy shaxsga, uning soliq hisobida turgan joyidan qatʼi nazar, uning soliq organiga taqdim etgan arizasi asosida qaytariladi.

Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha ortiqcha undirilgan foyda soligʻi summalari shu konsolidatsiyalashgan guruhning masʼul ishtirokchisiga ushbu moddada belgilangan tartibda hisobga olinishi yoki qaytarilishi lozim.

Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish toʻgʻrisidagi shartnomaning amal qilishi tugatilgan taqdirda ushbu konsolidatsiyalashgan guruh boʻyicha mavjud boʻlgan soliq qarzi hisobiga hisobga olinishi lozim boʻlmagan va (yoki) hisobga olinmagan soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha foyda soligʻining ortiqcha undirilgan summalari soliq toʻlovchilar ushbu konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi boʻlgan yuridik shaxsga uning yozma arizasi asosida hisobga olinishi yoki qaytarilishi lozim.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.