Soliq qarzi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq organiga soliq qarzini oʻz debitori hisobidan undirishni soʻrab murojaat qilishga haqli. Murojaatga oʻzaro tasdiqlangan yoki bir tomonlama imzolangan hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi ilova qilinishi lozim.
Soliq toʻlovchi soliq qarzini oʻz debitori hisobidan undirishni soʻrab murojaat qilgan taqdirda, soliq organi soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama imzolangan solishtirma dalolatnomaning va kreditorlik qarzi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxasini uch ish kunidan kechiktirmay debitorning shaxsiy kabinetiga solishtirma dalolatnomani imzolash uchun yoki imzolashni rad etish uchun bildirish xati bilan birga yuboradi.
Soliq toʻlovchining debitori bildirish xati olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini imzolashi (tasdiqlashi) yoki solishtirma dalolatnomada koʻrsatilgan qarz mavjud emasligini asoslagan holda rad javobini berishi shart. Soliq toʻlovchining debitori tomonidan soliq organining bildirish xatiga rad javobi taqdim etilmagan yoki u javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik qarzi tan olingan va soliq toʻlovchining soliq qarzini debitor hisobidan undirishga rozilik berilgan deb hisoblanadi.
Agar soliq toʻlovchining debitori tomonidan tan olingan qarz summasi solishtirma dalolatnomada koʻrsatilgan summadan farq qilsa, debitor bildirish xati olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida soliq organiga oʻzi tan olgan summani koʻrsatgan holda solishtirma dalolatnomani taqdim etishi shart.
Soliq toʻlovchining debitori tomonidan imzolangan yoki elektron hujjat shaklida tasdiqlangan oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi kreditorning imzosi mavjudligidan yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, uning kreditori soliq qarzini undirishni unga qaratishi uchun asos boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan majburiyat soliq toʻlovchining debitori tomonidan bajarilmagan taqdirda, undiruv soliq toʻlovchi taqdim etgan solishtirma dalolatnoma asosida amalga oshiriladi.
Soliq organi uch ish kunidan kechiktirmay debitorlarning bank hisobvaraqlariga soliq toʻlovchining soliq qarzi summasidan va debitorlik qarzi summasidan oshmaydigan miqdorda undirish toʻgʻrisida inkasso topshiriqnomasi taqdim etadi.
Soliq organi tomonidan oʻzida mavjud boʻlgan yoki boshqa manbalardan olingan maʼlumotlar asosida yoxud soliq tekshiruvlari natijasida soliq toʻlovchining debitorlik qarzi mavjudligi mustaqil ravishda aniqlangan hollarda, soliq qarzini undirish ushbu moddada belgilangan tartibda soliq toʻlovchining debitorlik qarziga qaratilishi mumkin. Bunda soliq toʻlovchining debitorlik qarzi aniqlangan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay bu haqda soliq toʻlovchining oʻziga va debitoriga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali bildirish xati yuboriladi.
Soliq toʻlovchi va uning debitori soliq organining bildirish xatini ushbu bildirish xati olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kechiktirmay tasdiqlashi yoki asoslangan holda rad etishi lozim. Bildirish xati javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik (kreditorlik) qarzi tan olingan deb hisoblanadi.
Soliq organining ushbu moddaga muvofiq taqdim etilgan inkasso topshiriqnomasining ijrosini banklar tomonidan taʼminlash yoki soliq organi tomonidan undirish, ijrosiz chaqirib olish ushbu Kodeksning 121-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Debitorlik qarzi soliq toʻlovchiga toʻlab berilganligi haqida asoslovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda yoki sud qarori asosida inkasso topshiriqnomasi soliq organi tomonidan uch ish kunidan kechiktirmay ijrosiz qaytarib olinadi.
Soliq toʻlovchi bilan uning debitori oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
soliq toʻlovchi va uning debitorining nomi, ularning identifikatsiya raqami;
soliq toʻlovchi va uning debitori soliq hisobida turgan joydagi soliq organining nomi;
soliq toʻlovchi va uning debitorining bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari;
debitorning soliq toʻlovchi oldidagi qarz summasi;
soliq toʻlovchi va uning debitorining elektron hujjat shaklida tasdiqlangan imzolari;
soliq toʻlovchi va uning debitori oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi tuzilgan sana.
Soliq toʻlovchi bilan uning debitori oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi elektron hujjat shaklida tuziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi soliq toʻlovchilarga oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini elektron hujjat shaklida taqdim etish, tasdiqlash (qisman tasdiqlash) yoki rad etish imkoniyatini yaratadi.
Quyidagi hollarda soliq qarzini undirish soliq toʻlovchining debitorlik qarziga qaratilmaydi, agar:
debitorlik qarz summasi asoslangan holda rad etilgan boʻlsa;
daʼvo muddati oʻtgan boʻlsa;
debitordan undirilishi lozim boʻlgan qarz summasi boʻyicha sud hujjati majburiy ijro organining ish yurituvida boʻlsa yoki uni ijroga taqdim etish muddati oʻtgan boʻlsa yoxud ushbu sud hujjati boʻyicha ijro harakatlari belgilangan tartibda toʻxtatib turilgan, tugatilgan yoki kechiktirilgan (boʻlib-boʻlib ijro etilgan) boʻlsa;
u Oʻzbekiston Respublikasining soliq toʻlovchisi boʻlmasa;
u jismoniy shaxs boʻlsa;
debitor tugatilish jarayonida boʻlsa yoki unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa;
debitorning faoliyati tugatilgan yoki yuridik shaxslarning davlat reyestridan chiqarilgan boʻlsa.
Soliq organi tomonidan undiruvning debitorlik qarziga qaratilishi soliq toʻlovchini soliq qarzi toʻlanguniga qadar soliqlarni toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi.