SK · 131-modda

131-modda. Soliq toʻlovchilarni soliq solish obyekti boʻyicha hisobga qoʻyish

Soliq toʻlovchini hisobga qoʻyish soliq solish obyekti joylashgan yerdagi soliq organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Soliq toʻlovchini obyektlar boʻyicha hisobga qoʻyish u ushbu Kodeksning 129-moddasida belgilangan tartibda hisobga qoʻyilganidan keyin, agar ushbu Kodeksga muvofiq soliq toʻlovchida soliq toʻlovchi sifatida hisobga olinmagan joydagi yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va (yoki) noruda qazilma boyliklari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash majburiyati yuzaga kelgan boʻlsa, amalga oshiriladi.

Hisobga qoʻyilmagan joyda yer soligʻini, mol-mulk soligʻini yoki suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash majburiyati oʻzida yuzaga kelgan soliq toʻlovchi mazkur majburiyat yuzaga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida soliq solish obyektlarini ular joylashgan yerda hisobga qoʻyish uchun davlat soliq xizmati organlariga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilishi kerak, bundan ushbu Kodeks 133-moddasining uchinchi va oltinchi qismlariga muvofiq soliq organlariga bunday maʼlumotlarni taqdim etish organlar, muassasalar va tashkilotlarning majburiyati boʻlgan hollar mustasno.

Hisobga olinishi davlat soliq xizmati organlari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladigan soliq solinadigan obyektlar boʻyicha mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlovchisi boʻlgan jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan majburiyat tatbiq etilmaydi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyat, shuningdek:

benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni oxirgi isteʼmolchiga realizatsiya qilishda toʻlanadigan aksiz soligʻining soliq toʻlovchilariga;

hududiy alohida boʻlinma joylashgan yeri boʻyicha xodimlar soni yigirma besh kishidan koʻp boʻlgan doimiy ish joyi yaratgan soliq agentiga tatbiq etiladi.

Ushbu modda beshinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan soliq toʻlovchi aksizosti mahsulotni realizatsiya qilish boshlangan paytdan boshlab oʻn kun ichida avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi joylashgan yerdagi soliq organiga aksiz soligʻi soliq toʻlovchisi sifatida hisobga qoʻyish uchun murojaat qilishi shart.

Ushbu modda beshinchi qismining uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan soliq agenti alohida boʻlinma tashkil etilgan paytdan bir oy oʻtganidan keyin oʻn kun ichida alohida boʻlinma joylashgan yerdagi soliq organiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlovchi soliq agenti sifatida hisobga qoʻyish uchun murojaat qilishi shart.

Soliq organi soliq toʻlovchiga ilgari berilgan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamiga muvofiq uni murojaat qilgan kunidan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay obyektning joylashgan yeri boʻyicha hisobga oladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.