SK · 138-modda

138-modda. Kameral soliq tekshiruvi

Kameral soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotini, moliyaviy hisobotni, shuningdek soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisida soliq organida mavjud boʻlgan boshqa hujjatlar hamda maʼlumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan oʻtkaziladi.

Kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish taqiqlanadi, bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining oʻrnini qoplash (qaytarish) maqsadida oʻtkaziladigan kameral soliq tekshiruvi mustasno:

1) soliq toʻlovchining hududiga kirish;

2) soliq toʻlovchining hududini va binolarini koʻzdan kechirish;

3) soliq toʻlovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;

4) soliq toʻlovchining hujjatlari va buyumlarini olib qoʻyish.

Soliq organlari kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilishi boshlanguniga qadar tekshiruvdan oldingi tahlilni oʻtkazishi mumkin. Bunda soliq auditi oʻtkazilgan yoki oʻtkazilayotgan soliq davri uchun tekshiruvdan oldingi tahlil oʻtkazilmaydi.

Tekshiruvdan oldingi tahlil — taqdim etilgan soliq hisobotini va soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborotni soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan holda, soliq toʻlovchining ishtirokisiz oʻtkaziladigan avtomatlashtirilgan tahlildir.

Tekshiruvdan oldingi tahlil soliq organi rahbarining (rahbar oʻrinbosarining) buyrugʻisiz amalga oshiriladi.

Agar tekshiruvdan oldingi tahlil chogʻida soliq organi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida soliq organida mavjud boʻlgan maʼlumotlar bilan tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlansa, soliq toʻlovchiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboriladi.

Soliq toʻlovchi tegishli tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi xabarnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi shart. Bunday majburiyatning bajarilmaganligi soliq organi tomonidan soliq toʻlovchida kameral soliq tekshiruvini tayinlash uchun asos boʻladi.

Tekshiruvdan oldingi tahlil aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki aniqlangan tafovutlar asosnomasi soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan yoxud kameral soliq tekshiruvi tayinlagan sanadan eʼtiboran yakunlangan hisoblanadi.

Kameral soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) buyrugʻi asosida oʻtkaziladi. Buyruqda soliq toʻlovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, tekshiruvni oʻtkazish muddatlari, tekshirilayotgan davr, tekshirilayotgan soliqlar va yigʻimlarning turlari koʻrsatiladi.

Kameral soliq tekshiruvi ushbu Kodeksning 88-moddasida belgilangan daʼvo muddati oʻtmagan soliq davrlariga nisbatan oʻtkazilishi mumkin. Bunda aynan bitta soliq (hisobot) davri uchun aynan bir xil soliqlar boʻyicha qayta kameral soliq tekshiruvini oʻtkazish mumkin emas, bundan kameral soliq tekshiruvini oʻtkazish chogʻida soliq organiga maʼlum boʻlmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno.

Agar soliq toʻlovchi kameral soliq tekshiruvi tugaguniga qadar ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisoblab chiqarilgan soliq summasi oʻzgartirilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etsa, kameral soliq tekshiruvi taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini hisobga olgan holda oʻtkaziladi.

Agar oʻtkazilgan kameral soliq tekshiruvi yakuni bilan taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlangan boʻlsa, soliq organi soliq toʻlovchiga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq hisobotlariga tuzatishlar kiritish talabnomasini yuboradi.

Soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish haqida talabnoma yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvi tugatilgan sana hisoblanadi. Agar oʻrganish va tahlil qilish yakunlariga koʻra tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlanmagan boʻlsa ham kameral soliq tekshiruvi yakunlangan hisoblanadi.

Soliq toʻlovchi tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi talabnoma olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida tegishli soliqlar va yigʻimlar boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoxud tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda aniqlangan tafovutlarning asosnomasini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda taqdim etishi shart.

Soliq toʻlovchi soliq organining tegishli talabnomasida koʻrsatilgan, aniqlangan tafovutlarning asosnomasi sifatida soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasini taqdim etishga haqli. Soliq toʻlovchining nomidan bunday asosnomani soliq maslahatchilari tashkiloti soliq toʻlovchi bilan tuzilgan shartnoma asosida mustaqil ravishda taqdim etishi mumkin.

Soliq toʻlovchining taqdim etgan asosnomasi tegishli hujjatlar (asosnomalar) olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida soliq organining rahbari (rahbari oʻrinbosari) tomonidan koʻrib chiqiladi.

Aniqlangan tafovutlar boʻyicha taqdim etilgan asosnomalariga toʻliq yoki qisman rozilik berilgan taqdirda, soliq organi ilgari yuborilgan talabnoma bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirish xatini yoxud soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi aniqlashtirilgan talabnomani soliq toʻlovchiga yuboradi.

Agar soliq toʻlovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmasa (shu jumladan aniqlashtirilgan talabnomadan keyin), yoxud aniqlangan tafovutlar boʻyicha asosnomalarni taqdim etmasa, yoki u taqdim etgan asosnomalar yetarli emas deb topilsa, soliq organi soliq toʻlovchiga soliq auditini tayinlashga haqli.

Agar soliq (hisobot) davri uchun soliq monitoringi oʻtkazilayotgan boʻlsa, bunday davr uchun kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilmaydi. Mazkur qoida soliq monitoringi muddatidan oldin tugatilganda qoʻllanilmaydi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, zimmasiga soliq hisobotini taqdim etish boʻyicha majburiyat yuklatilgan soliq agentlarining va boshqa shaxslarning kameral soliq tekshiruvlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi tomonidan soliq davri uchun soliq hisoboti taqdim etish chogʻida soliq organlari qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) toʻgʻrisida xabardor qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida soliq organining buyrugʻisiz, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga koʻra soliq hisobotiga oʻzgartishlar kiritish haqidagi talabnoma yozib berilmaydi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga koʻra soliq organlari ushbu summani qoplash toʻgʻrisidagi qaror yoxud ularni qoplashni rad etish (toʻliq yoki qisman) toʻgʻrisidagi asoslantirilgan qaror qabul qiladi.

Kameral soliq tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.