SK · 146-modda

146-modda. Soliq tekshiruvini oʻtkazishda hujjatlarni talab qilib olish

Soliq organining soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan mansabdor shaxsi tekshirilayotgan shaxsdan tekshiruv uchun zarur boʻlgan hujjatlarni talab qilib olishga haqli.

Hujjatlar taqdim etish toʻgʻrisidagi talabnoma tekshirilayotgan shaxsga (uning qonuniy yoki vakolatli vakiliga) shaxsan imzo qoʻydirgan holda topshiriladi. Agar hujjatlarni taqdim etish toʻgʻrisidagi talabnomani mazkur usulda topshirish imkoni boʻlmasa, u ushbu Kodeks 19-moddasining ikkinchi qismida belgilangan tartibda yuboriladi.

Talab qilib olinadigan hujjatlar soliq organiga shaxsan yoki vakil orqali taqdim etilishi, pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilishi yoxud telekommunikatsiya aloqa tarmoqlari yoki soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda topshirilishi mumkin.

Hujjatlarni qogʻozda taqdim etish tekshirilayotgan shaxs tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalar shaklida amalga oshiriladi. Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq organiga (mansabdor shaxsga) taqdim etiladigan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini notarial tarzda tasdiqlashni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Hisobga olish hujjatlari elektron shaklda tuzilgan taqdirda soliq toʻlovchi (soliq agenti) soliq tekshiruvi chogʻida soliq organlari mansabdor shaxslarining talabiga koʻra bunday hujjatlarning qogʻozdagi koʻchirma nusxalarini taqdim etishi shart, bundan elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida roʻyxatga olingan hisobvaraq-fakturalar mustasno.

Zarur boʻlgan taqdirda soliq organi hujjatlarning asl nusxalari bilan tanishishga haqli.

Soliq tekshiruvi davomida talab qilib olingan hujjatlar tegishli talabnoma olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etiladi. Agar tekshirilayotgan shaxs talab qilinayotgan hujjatlarni belgilangan muddat ichida taqdim etish imkoniga ega boʻlmasa, u tekshiruvchi mansabdor shaxslarni bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.

Soliq toʻlovchi talab qilinadigan hujjatlarni koʻrsatilgan muddatlarda taqdim etishning imkoni yoʻqligi toʻgʻrisidagi, talab qilib olinayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoni boʻlmagan sabablar koʻrsatilgan yozma shakldagi xabarnomani hujjatlar taqdim etish haqidagi talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida yuborishi kerak. Xabarnomada soliq toʻlovchi talab qilingan hujjatlarni taqdim eta olishi mumkin boʻlgan muddatlar koʻrsatilishi lozim.

Soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) soliq toʻlovchidan xabarnomani olgan kundan eʼtiboran ikki kun ichida ushbu xabarnoma asosida hujjatlarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish yoki muddatlarni uzaytirishni rad etishga haqli boʻlib, bu haqda alohida qaror chiqaradi.

Tekshirilayotgan shaxsning talab qilinayotgan hujjatlarni taqdim etishni rad etganligi soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan tuziladigan bayonnomada qayd etiladi. Bayonnoma soliq organining mansabdor shaxsi va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadi. Tekshirilayotgan shaxs bayonnomani imzolashni rad etgan taqdirda bu haqda tegishli qayd kiritiladi. Koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etish soliq toʻlovchi tomonidan rad etilganligi yoki belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganligi ushbu hujjatlarni ushbu Kodeksning 148-moddasida nazarda tutilgan tartibda olib qoʻyish uchun asos boʻladi.

Soliq tekshiruvi va soliq nazoratining boshqa tadbirlari jarayonida soliq organlari tekshirilayotgan shaxsning kameral yoki sayyor soliq tekshiruvlari oʻtkazilganda soliq organlariga ilgari taqdim etilgan hujjatlarni, shuningdek soliq monitoringini oʻtkazish jarayonida tasdiqlangan koʻchirma nusxalar shaklida taqdim etilgan hujjatlarni tekshirilayotgan shaxsdan talab qilib olishga haqli emas. Agar hujjatlar ilgari soliq organiga asl nusxalar tarzida taqdim etilib, keyinchalik tekshirilayotgan shaxsga qaytarilgan boʻlsa, shuningdek soliq organiga taqdim etilib, bartaraf etib boʻlmaydigan kuch holatlari oqibatida yoʻqotilgan taqdirda, hujjatlar tekshirilayotgan shaxsdan qayta talab qilib olinishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.