SK · 150-modda

150-modda. Ekspertiza

Zarur boʻlgan hollarda, soliq nazoratini amalga oshirishga doir aniq harakatlarni oʻtkazishda ishtirok etish uchun ekspert jalb etilishi mumkin.

Shaxsni ekspert sifatida jalb etish soliq organi va ekspert oʻrtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Agar yuzaga keladigan masalalarni tushuntirish uchun ilm-fan, sanʼat, texnika yoki hunarmandchilik sohasidagi maxsus bilimlar talab etilsa, ekspertiza tayinlanadi. Soliq organining soliq nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxsida bunday bilimlarga egaligi ekspertiza tayinlash zaruratidan ozod etmaydi.

Ekspert oldida qoʻyilgan masalalar va uning xulosasi ekspertning maxsus bilimlari doirasidan chiqishi mumkin emas.

Ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi qarorni soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan mansabdor shaxsning iltimosnomasi asosida soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) qabul qiladi.

Qarorda ekspertizani tayinlash uchun asoslar, ekspertiza oʻtkazishi kerak boʻlgan tashkilotning nomi yoki ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, ekspertning oldiga qoʻyiladigan masalalar va uning ixtiyoriga beriladigan materiallar koʻrsatiladi. Ekspert ekspertiza predmetiga taalluqli tekshiruv materiallari bilan tanishishga, oʻziga qoʻshimcha materiallar taqdim etilishi toʻgʻrisida iltimosnomalar berishga haqli.

Ekspert xulosani oʻz nomidan yozma shaklda beradi. Ekspert xulosasida oʻzi oʻtkazgan tekshirishlar, ular asosida qilingan xulosalar hamda qoʻyilgan masalalarga asoslantirilgan javoblar bayon etiladi.

Agar ekspertga berilgan materiallar yetarli boʻlmasa yoki u ekspertiza oʻtkazish uchun zarur bilimlarga ega boʻlmasa, ekspert xulosa berishni rad etishi mumkin.

Soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan soliq organining mansabdor shaxsi tekshirilayotgan shaxsni ekspertiza tayinlanganligi toʻgʻrisidagi qaror bilan tanishtirishi va uning ushbu moddaning oʻninchi qismida nazarda tutilgan huquqlarini tushuntirishi shart boʻlib, bu haqda bayonnoma tuziladi.

Ekspertiza tayinlash va oʻtkazish jarayonida tekshirilayotgan shaxs:

1) ekspertni rad etish;

2) ekspertni oʻzi koʻrsatgan shaxslar orasidan tayinlash toʻgʻrisida iltimos qilish;

3) qoʻshimcha savollarni taqdim etib, ular yuzasidan ekspert xulosasini olish;

4) soliq organi mansabdor shaxsining ruxsati bilan ekspertiza oʻtkazishda ishtirok etish va ekspertga tushuntirishlar berish;

5) ekspertning xulosasi bilan tanishish;

6) ekspertning xulosasi yuzasidan asoslantirilgan fikr taqdim etish huquqiga ega.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.