SK · 165-modda

165-modda. Soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ish yuritish

Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning ushbu Kodeks 157-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan buzilishlari toʻgʻrisida dalolat beruvchi faktlar aniqlangan taqdirda, soliq organining soliqqa oid huquqbuzarlik faktini aniqlagan mansabdor shaxsi ushbu mansabdor shaxs va huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan imzolanishi lozim boʻlgan dalolatnomani tuzadi.

Dalolatnoma belgilangan shaklda soliqqa oid huquqbuzarlik aniqlangan kundan eʼtiboran oʻn kun davomida tuziladi.

Dalolatnomada soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarining hujjatlar bilan tasdiqlangan faktlari, shuningdek ushbu faktlarni aniqlagan mansabdor shaxsning aniqlangan qoidabuzarlikni bartaraf etishga doir xulosa va takliflari koʻrsatilishi kerak.

Dalolatnomaning shaklini va uni tuzishga doir talablarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi belgilaydi.

Dalolatnoma soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga imzo qoʻydirib beriladi yoki u olingan sana toʻgʻrisida dalolat beruvchi boshqa usulda topshiriladi. Agar mazkur shaxs dalolatnomani olishdan bosh tortsa, soliq organining mansabdor shaxsi dalolatnomaga tegishli belgi qoʻyadi. Bunday holda dalolatnoma ushbu shaxsga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi. Mazkur dalolatnoma buyurtma xat bilan yuborilgan sanadan boshlab hisoblaganda beshinchi kun u topshirilgan sana deb hisoblanadi.

Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxs dalolatnomada bayon etilgan holatlarga va (yoki) soliqqa oid huquqbuzarlikni aniqlagan mansabdor shaxsning xulosalari hamda takliflariga rozi boʻlmagan taqdirda, dalolatnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida dalolatnoma boʻyicha umuman yoki uning ayrim qoidalari yuzasidan yozma eʼtirozlarini tegishli soliq organiga taqdim etishga haqlidir. Bunda mazkur shaxs eʼtirozlarining asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ularning tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini) yozma eʼtirozlariga ilova qilishga yoki kelishilgan muddatda soliq organiga topshirishga haqli.

Ushbu moddaning oltinchi qismida koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlari faktlari qayd etilgan dalolatnomani, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va materiallarni koʻrib chiqadi.

Dalolatnoma javobgarlikka tortilayotgan shaxs yoki uning vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi.

Soliq organi tekshiruv dalolatnomasi koʻrib chiqiladigan sana, vaqt va joy toʻgʻrisida soliq toʻlovchini koʻrib chiqish boshlanadigan kunga qadar kamida ikki ish kuni oldin xabardor qiladi.

Agar soliq toʻlovchi soliq organini uzrli sabablarga koʻra dalolatnomaning koʻrib chiqilishiga kelolmasligi toʻgʻrisida xabardor qilgan boʻlsa, soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) dalolatnomaning koʻrib chiqilishini koʻpi bilan uch kun muddatga qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qilib, soliq toʻlovchi bu haqda xabardor qilinadi.

Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan, tegishli tarzda xabardor qilingan shaxsning yoki uning vakilining kelmaganligi soliq organi rahbarini (rahbar oʻrinbosarini) dalolatnomani ushbu shaxsning yoʻqligida koʻrib chiqish imkonidan mahrum etmaydi.

Dalolatnomani koʻrib chiqish chogʻida tuzilgan dalolatnoma, soliq nazorati tadbirlarining boshqa materiallari, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxsning yozma eʼtirozlari oʻqib eshittirilishi mumkin. Yozma eʼtirozlarning mavjud emasligi ushbu shaxsni dalolatnomani koʻrib chiqish bosqichida oʻz tushuntirishlarini berish huquqidan mahrum etmaydi.

Dalolatnoma koʻrib chiqilayotganda javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishlari eshitiladi, boshqa dalillar oʻrganib chiqiladi.

Ushbu Kodeks talablarini buzgan holda olingan dalillardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Javobgarlikka tortilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar (axborot), hatto ular soliq organiga ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarni buzgan holda taqdim etilgan boʻlsa ham koʻrib chiqilishi mumkin.

Dalolatnomani koʻrib chiqish chogʻida bayonnoma yuritiladi.

Dalolatnomani va soliq nazorati tadbirlarining boshqa materiallarini koʻrib chiqish jarayonida, zarur boʻlgan taqdirda, ushbu koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun guvohni, ekspertni, mutaxassisni jalb etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.

Dalolatnomani va boshqa materiallarni koʻrib chiqish davomida soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari):

1) oʻziga nisbatan dalolatnoma tuzilgan shaxs soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarini sodir etgan-etmaganligini;

2) aniqlangan qoidabuzarliklar ushbu Kodeksdagi soliqqa oid huquqbuzarliklar tarkibini tashkil etish-etmasligini;

3) oʻziga nisbatan dalolatnoma tuzilgan shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish uchun asoslar mavjud-mavjud emasligini belgilaydi.

Soliqqa oid huquqbuzarlik alomati mavjud boʻlgan taqdirda soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlikdagi aybini istisno etuvchi holatlarni yoxud soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikni yumshatuvchi yoki ogʻirlashtiruvchi holatlarni aniqlaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.