SK · 17-modda

17-modda. Soliqlarning va yigʻimlarning turlari

Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyidagi soliqlar belgilanadi:

1) qoʻshilgan qiymat soligʻi;

2) aksiz soligʻi;

3) foyda soligʻi;

4) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;

5) yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;

5-1) foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta soligʻi;

6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

7) mol-mulk soligʻi;

8) yer soligʻi;

9) ijtimoiy soliq.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida yigʻimlar belgilanishi mumkin. Yigʻimlarni joriy etish tartibi qonunlarda, yigʻimlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi ushbu Kodeksda hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.

Chet davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yigʻimni, yuk koʻtarish quvvati 10 tonnadan yuqori boʻlgan yuk avtotransporti vositalari va tirkamalarining avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi huquqi uchun yigʻimni, alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻimlarni, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni hamda tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi ushbu Kodeks bilan tartibga solinadi.

Davlat bojini hisoblab chiqarish va undirish tartibi davlat boji toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.