SK · 179-modda

179-modda. Narxlarni tartibga solishda bozor narxi deb topishning oʻziga xos xususiyatlari

Agar ayrim turdagi bitimlarga nisbatan narxni belgilash, eng koʻp va (yoki) eng kam chegaraviy narxlarni belgilash vositasida narxlarni tartibga solish nazarda tutilgan boʻlsa, koʻrsatilgan turdagi bitimlardagi narxlar ushbu moddaning toʻrtinchi — yettinchi qismlarida nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda soliq solish maqsadida bozor narxlari deb topiladi.

Agar ayrim turdagi bitimlarga nisbatan narxga doir eng koʻp va (yoki) eng kam ustamalar yoki narxlardan chegirmalar belgilash vositasida yoxud rentabellikka yoki foydaga doir cheklovlar vositasida narxlarni tartibga solish nazarda tutilgan boʻlsa, koʻrsatilgan turdagi bitimlardagi narxlar soliq solish maqsadida ushbu moddaning sakkizinchi qismida belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda bozor narxlari deb topiladi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan oʻziga xos xususiyatlar, agar narxlarni tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va chet davlatlarning qonunchiligiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshirilsa, hisobga olinadi.

Belgilangan narxlarga muvofiq boʻlgan narxlar va narxning kelishilgan formulasiga muvofiq boʻlgan narxlar bozor narxlari deb topiladi.

Eng kam chegaraviy narxni belgilashda bunday narx, agar bozor narxlari oraligʻining ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq mazkur eng kam chegaraviy narx hisobga olinmagan holda aniqlangan eng kam koʻrsatkichi ushbu eng kam chegaraviy narxdan koʻp boʻlsa, bozor narxini aniqlashda hisobga olinmaydi. Aks holda, eng kam koʻrsatkichi ushbu eng kam chegaraviy narxga teng boʻlgan oraliq bozor narxlarining oraligʻi deb eʼtirof etiladi, eng koʻp koʻrsatkich esa uning ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq belgilangan eng koʻp koʻrsatkichiga teng ravishda qabul qilinadi.

Eng koʻp chegaraviy narxni belgilash chogʻida bunday narx bozor narxini aniqlashda, agar ushbu eng koʻp chegaraviy narx bozor narxlari oraligʻining ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq mazkur eng koʻp chegaraviy narx hisobga olinmagan holda aniqlangan eng koʻp koʻrsatkichidan koʻp boʻlsa, bozor narxini aniqlashda hisobga olinmaydi. Aks holda, eng koʻp koʻrsatkichi ushbu eng koʻp chegaraviy narxga teng boʻlgan oraliq bozor narxlarining oraligʻi deb eʼtirof etiladi, eng kam koʻrsatkich esa uning ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq belgilangan eng kam koʻrsatkichiga teng ravishda qabul qilinadi.

Bir vaqtning oʻzida eng kam va eng koʻp chegaraviy narxlar belgilanganda ular bozor narxlarini aniqlashda, agar bozor narxlari oraligʻining ushbu Kodeksning 24-bobiga muvofiq aniqlangan eng kam koʻrsatkichi eng kam chegaraviy narxdan koʻp boʻlsa, eng koʻp chegaraviy narx esa bozor narxlarining ushbu oraligʻining eng koʻp koʻrsatkichidan koʻp boʻlsa, bozor narxini aniqlashda hisobga olinmaydi. Aks holda, bozor narxlari oraligʻining tegishincha eng kam va (yoki) eng koʻp koʻrsatkichiga ushbu moddaning beshinchi — oltinchi qismlariga muvofiq tuzatishlar kiritiladi.

Agar bitim uchun narxga doir eng kam va (yoki) eng koʻp ustamalar belgilangan boʻlsa yoxud rentabellik yoki foyda miqdorlari uchun boshqa cheklovlar belgilangan boʻlsa, ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq aniqlangan bozor narxlari oraliqlariga (rentabellik oraliqlariga) ushbu moddaning beshinchi — yettinchi qismlarida nazarda tutilgan xuddi shunday tartibda tuzatishlar kiritilishi lozim.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.