Soliq bazasini yashirish (kamaytirib koʻrsatish) —
yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) soliq bazasi summasining yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) soliq bazasi summasidan ushbu Kodeksga muvofiq soliqlarni hisoblash amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning maqsadida soliq bazasini yashirish (kamaytirib koʻrsatish) deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum summasini hisobga olish registrlarida aks ettirmaslik;
yuklarni tovar-kuzatuv hujjatlarini rasmiylashtirmasdan yoxud soxta hujjatlar boʻyicha tashish;
hisobda realizatsiya qilinmagan deb koʻrsatilgan tovarlarning omborda yoki realizatsiya qilish joyida mavjud emasligi;
rasmiylashtirilmagan (kirim qilinmagan) tovarlarni saqlash, ulardan foydalanish va realizatsiya qilish;
tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganligidan dalolat beruvchi hujjatlarni almashtirish, soxtalashtirish yoki yoʻq qilish;
qalbaki birlamchi buxgalteriya hujjatlaridan foydalanish;
nazorat-kassa texnikasining fiskal xotirasi xizmati dasturiga noqonuniy ravishda oʻzgartirish kiritish;
foydalanilmagan moddiy xarajatlarni foydalanilgan deb, ishlab chiqarish hisobotiga qoʻshish;
tovarlarni sotishdan (xizmat koʻrsatishdan) olingan tushumni hisobot davridan keyingi davrga oʻtkazish (sotish hajmini va daromadni (foydani) qasddan kamaytirish);
moddiy, yoqilgʻi-energetika resurslari xarajatlarini (limitlarni) va amortizatsiya (eskirish) normasini sunʼiy ravishda oshirish yoki normativlarni notoʻgʻri qoʻllash;
ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan xodimlarning haqiqiy ish haqi summasi soliq hisobotida aks ettirilmaganligi;
mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarning soliq hisobotida aks ettirilmaganligi;
realizatsiya qilingan tovarlar qiymatini hisob hujjatlarida haqiqatda realizatsiya qilingan qiymatidan pasaytirilgan narxlar boʻyicha aks ettirish;
qazib olingan foydali qazilmalar hajmining soliq hisobotida toʻliq aks ettirilmaganligi.
Ushbu modda uchinchi qismining oʻn uchinchi va oʻn toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar boʻyicha yashirilgan soliq bazasi summasi oxirgi oʻn ikki oy uchun aniqlanadi.
Hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida olingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga yoxud faoliyatning oʻziga xos xususiyatlariga va amalga oshiriladigan turlariga muvofiq boʻlmagan identifikatsiya kodlarini aks ettirish —
hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida koʻrsatilgan realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.