SK · 251-modda

251-modda. Korxona mol-mulk majmuasi sifatida realizatsiya qilinganda soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari

Korxona mol-mulk majmuasi sifatida realizatsiya qilinganda, soliq bazasi ushbu moddada belgilangan tartibda, uni realizatsiya qilishning soliqni oʻz ichiga oladigan narxi miqdorida, ushbu korxona mol-mulkining har bir soliq obyekti boʻyicha alohida aniqlanadi.

Agar korxonani realizatsiya qilish narxi uning tarkibiga kiradigan jami mol-mulkning balans qiymatidan past boʻlsa, korxonani realizatsiya qilish narxining mazkur mol-mulkning balans qiymatiga nisbati sifatida aniqlanadigan tuzatish koeffitsiyenti qoʻllaniladi.

Agar korxonani realizatsiya qilish narxi uning tarkibiga kiradigan jami mol-mulkning balans qiymatidan yuqori boʻlsa, korxonani realizatsiya qilishning debitorlik qarzi summasiga va qimmatli qogʻozlar qiymatiga kamaytirilgan narxining realizatsiya qilingan korxona tarkibiga kiradigan mol-mulkning debitorlik qarzi summasiga va qimmatli qogʻozlarning qiymatiga kamaytirilgan balans qiymatiga nisbati sifatida aniqlanadigan tuzatish koeffitsiyenti qoʻllaniladi. Ushbu qismga muvofiq tuzatish koeffitsiyentini hisob-kitob qilishda qimmatli qogʻozlarning qiymati, agar u faqat bozor qiymati boʻyicha qayta baholangan boʻlsa, chiqarib tashlanadi.

Mol-mulkning har bir turini realizatsiya qilish narxi uning balans qiymatining ushbu moddaning ikkinchi yoki uchinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda belgilanadigan tuzatish koeffitsiyentiga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan holatda, debitorlik qarzining summasiga doir tuzatish koeffitsiyenti qoʻllanilmaydi. Agar bunday holda qimmatli qogʻozlarning qiymati qayta baholangan boʻlsa, mazkur koeffitsiyent ularning qiymatiga nisbatan ham qoʻllanilmaydi.

Korxona sotuvchisi tomonidan korxona sotilgan narxni koʻrsatgan holda jamlama hisobvaraq-faktura tuziladi.

Jamlama hisobvaraq-fakturada asosiy mablagʻlar, nomoddiy aktivlar, ishlab chiqarish uchun moʻljallangan va ishlab chiqarish uchun moʻljallanmagan mol-mulkning boshqa turlari, debitorlik qarzining summalari, qimmatli qogʻozlarning qiymati hamda balans aktivlarining boshqa pozitsiyalari mustaqil pozitsiyalarga ajratiladi. Jamlama hisobvaraq-fakturaga inventarizatsiya dalolatnomasi ilova qilinadi.

Jamlama hisobvaraq-fakturada har bir mol-mulk turining narxi ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda balans qiymatining tuzatish koeffitsiyentiga koʻpaytmasiga teng deb qabul qilinadi.

Realizatsiya qilinishiga soliq solinadigan mol-mulkning har bir turi boʻyicha tegishli ravishda soliq stavkasi va tegishli soliq summasi koʻrsatiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.