SK · 266-1-modda

266-1-modda. Soliq summalarini hisobga olishning ayrim oʻziga xos xususiyatlari

Guvohnomasining amal qilishi toʻxtatib turilgan yoki tugatilgan yoxud bekor qilingan soliq toʻlovchi tomonidan haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan (toʻlanishi lozim boʻlgan) soliq summasi hisobga olinmaydi. Mazkur hodisalar yuzaga kelganda, bunday soliq toʻlovchiga undan haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan (toʻlanishi lozim boʻlgan) soliq summasi uning xaridorlarida ham hisobga olinmaydi.

Guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilganligi munosabati bilan hisobga olish uchun qabul qilinmagan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan (toʻlanishi lozim boʻlgan) soliq summasi guvohnomaning amal qilishi qayta tiklangan taqdirda, guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilgan sanadan eʼtiboran soliq toʻlovchida va uning xaridorlarida hisobga olinadi (tuzatiladi).

Hisobvaraq-fakturalar soliq xavfining yuqori darajasiga kiritilgan taqdirda, mazkur hisobvaraq-fakturalar asosida tovarlarni yetkazib berish (xizmatlar koʻrsatish) bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha soliq summasini hisobga olish maqsadida soliq soliq agenti tomonidan toʻlanishi mumkin. Bunda soliq toʻlovchi boʻlgan va soliq toʻlovchidan tovarlarni (xizmatlarni) oluvchi yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs soliq agenti deb eʼtirof etiladi.

Tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchida soliq boʻyicha salbiy farq yoki ortiqcha toʻlov summasi hosil boʻlgan taqdirda, bunday summa soliq boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobidan hisobga olinishi yoxud ushbu Kodeksda belgilangan tartibda qoplanishi (qaytarilishi) mumkin.

Tovarlarni yetkazib beruvchilar (xizmatlar koʻrsatuvchilar) tomonidan rasmiylashtirilgan hisobvaraq-fakturalarning yuqori xavf darajasiga kirishi ular tomonidan olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini ushbu boʻlimda belgilangan tartibda hisobga olish huquqidan mahrum etmaydi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda soliq summalari soliq agentida tegishli soliq summasi budjetga toʻlangan soliq davrida hisobga olinadi, bundan ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Hisobot taqdim etishning oxirgi muddati yetib kelmagan soliq davriga taalluqli hisobvaraq-fakturalar boʻyicha toʻlov amalga oshirilgan taqdirda, soliq agentida mazkur hisobvaraq-fakturalar sanasi boʻyicha tegishli soliq davrida hisobga olinadi.

Hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash, reyestrini yuritish, bunday hisobvaraq-fakturalar asosida soliq toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Agar xaridor tomonidan past xavf darajasiga kiritilgan hisobvaraq-fakturalar boʻyicha hisobga olingan soliq summalari qalbaki yoki koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida yuzaga kelganligiga oid dalillar mavjud boʻlsa, soliq organlari ushbu hisobvaraq-fakturalar boʻyicha hisobga olishni bekor qilishga yoki unga tuzatish kiritishga haqli, bundan xaridor tomonidan dastlab yuqori xavf darajasiga kiritilgan hisobvaraq-fakturalar boʻyicha ushbu moddada belgilangan tartibda soliq toʻlanganligi sababli hisobga olingan soliq summalari mustasno.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.