SK · 274-modda

274-modda. Soliqning oʻrnini qoplash

Ushbu Kodeksning 272-moddasiga muvofiq oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan soliq summasi, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobidan hisobga olinadi.

Soliq toʻlovchi oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan soliq summasini qaytarishga doir soliq hisobotini taqdim etishda soliq organlarini bu haqda xabardor qilgan holda, soliqning salbiy summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) uchun murojaat qilish huquqiga ham ega boʻladi.

Agar kameral soliq tekshiruvi natijalariga koʻra, soliq organi soliq summasining oʻrnini toʻliq yoki qisman qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, mazkur soliq summasi soliq toʻlovchiga soliq hisobotini taqdim etishda soliq summasini qaytarish haqida soliq organlari xabardor qilingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay qaytariladi.

Soliqning jami summasi oʻrnini tezlashtirilgan tarzda qoplash tartibi soliq hisobotini taqdim etishda soliq organlarini xabardor qilgan taqdirda, quyidagi toifadagi soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllaniladi:

1) Oʻzbekiston Respublikasining yirik soliq toʻlovchilar toifasiga belgilangan tartibda kiritilgan yuridik shaxslariga;

2) soliq hisoboti bilan birga amaldagi bank kafolatini taqdim etgan yoki soliq organlari bilan garov shartnomasini ushbu Kodeksning 107 yoki 109-moddalarida belgilangan tartibda rasmiylashtirgan soliq toʻlovchilarga;

3) eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshiradigan shaxslarga — agar ilgari bu shaxslarga soliq summasi qoplangan va bunda qonunbuzarliklar aniqlanmagan boʻlsa, nol darajali soliq stavkasi qoʻllanilishi natijasida hosil boʻlgan soliqning oshib ketgan summalari qismida;

4) chet el diplomatik vakolatxonalariga va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalariga;

5) mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga, agar bunday bitimda nol darajali stavka qoʻllanilishi nazarda tutilgan boʻlsa;

6) soliq monitoringi ishtirokchilariga;

7) Tadbirkorlik subyektlari yuqori barqarorlik reytingining “AAA” toifasidagi tadbirkorlik subyektlariga (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar mustasno);

8) qishloq xoʻjaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchilarga (bundan paxta va gʻalla mustasno);

9) oʻz faoliyatini kichik tadbirkorlik subyektidan oʻrta yoki yirik toifaga, oʻrta tadbirkorlik subyektidan yirik toifaga yiriklashtirgan tadbirkorlik subyektlariga — tegishli toifaga oʻtgan sanadan eʼtiboran bir yil davomida. Bunda mazkur tartib tadbirkorlik subyektlarining faoliyati davomida bir marotaba qoʻllaniladi. Ushbu band qoidalari tegishli toifaga oʻtganidan keyin qayta tashkil etilgan subyektning huquqiy vorisiga (huquqiy vorislariga) nisbatan tatbiq etilmaydi.

Soliqning oʻrnini tezlashtirilgan tartibda qoplashda soliq toʻlovchi tomonidan qaytarish uchun soliq hisobotida koʻrsatilgan soliq summasining oʻrni unga yetti kun ichida, ushbu modda toʻrtinchi qismining 7-bandida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilarga bir kun ichida toʻliq hajmda, ushbu modda toʻrtinchi qismining 8-bandida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilarga esa avtomatik tarzda uch kun ichida qoplanadi. Bunda oʻrni qoplanishi uchun soliq hisobotida koʻrsatilgan soliq summasi asoslantirilganligining kameral soliq tekshiruvi umumiy tartibda amalga oshiriladi. Agar kameral soliq tekshiruvi natijalariga koʻra soliq hisobotida oʻrni qoplanishi uchun koʻrsatilgan soliq summasi yoki uning bir qismi asossiz boʻlib chiqsa, soliq toʻlovchi soliqning oʻrni oʻziga asossiz ravishda qoplangan summasini qoplash sanasidan to uni budjetga toʻlash sanasigacha penya hisoblangan holda budjetga toʻlashi shart. Ushbu modda toʻrtinchi qismining 7-bandida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilarga oʻrni qoplanishi uchun soliq hisobotida koʻrsatilgan soliq summasining asoslantirilganligi kameral soliq tekshiruvidan oʻtkazilmaydi.

Soliq summalarining oʻrnini qoplash tartibi va shartlari, ushbu moddaga muvofiq kameral soliq tekshiruvini oʻtkazish tartibi, shuningdek chet davlatlar fuqarolariga soliq summalarini qaytarish (TAX FREE) tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.